Kongo DR murabbiyi O‘zbekistonga qarshi o‘yin haqida gapirdi
Sport
−
25 iyun 19902 2 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi bosh murabbiyi Sebastyan Desabr O‘zbekistonga qarshi bo‘lajak uchrashuvda tavakkal qilishini va faqat g‘alaba uchun o‘ynashini aytdi. Bu haqda u Kolumbiyaga qarshi o‘yindan so‘ng matbuot anjumanida so‘z ochdi.
“O‘zbekistonga qarshi o‘yin oson bo‘lmaydi, chunki ular yaxshi himoyalanadi. Ammo biz bor kuchimizni sarflaymiz. Hozir dam olishimiz va kuch to‘plashimiz kerak. Bu uchrashuvda tavakkal qilishimizga to‘g‘ri keladi, chunki durang bizni qanoatlantirmaydi. 3-tur mutlaqo boshqacha yondashuvni talab qiladigan o‘yin bo‘ladi, dastlabki ikkita o‘yinga qaraganda ko‘proq tavakkal qilishimizga to‘g‘ri keladi”, deydi u.
Shuningdek, murabbiy Kolumbiyaga qarshi uchrashuvdagi mag‘lubiyat haqida ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan.
“Biz bu mag‘lubiyatni qabul qilishimiz, boshimizni baland tutishimiz va imkon qadar tezroq kurashga qaytishimiz kerak. Albatta, durang qayd etish yaxshi bo‘lardi, ammo Kolumbiya kuchliroq jamoa bo‘lganini tan olish lozim. Ular to‘pni juda yaxshi nazorat qildi, biz esa o‘yinga kechroq qo‘shildik. Ikkinchi bo‘limda yaxshiroq harakat qildik, ammo bu – futbol. Nima bo‘lganini tahlil qilib, oldinga qarashimiz kerak”, deydi Desabr.
Ma’lumot uchun, Kongo Demokratik Respublikasi va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv joriy yil 28 iyun kuni tongda AQSHning Atlanta shahrida Toshkent vaqti bilan soat 4:30 da boshlanadi. Ushbu bahsda g‘alaba qozongan jamoa guruhda 3-o‘rinni egallab, eng yaxshilar qatorida pley-offga chiqishi mumkin bo‘ladi.
Live
Barchasi