Kongo DR murabbiyi otasining vafoti xabarini matbuot anjumanida eshitdi
Sport
−
14:40 1685 1 daqiqa
Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasi bosh murabbiyi Sebastyan Desabr Angliyaga qarshi Jahon chempionati 1/16 final uchrashuvidan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumani chog‘ida otasining vafot etgani haqida xabar topdi. Bu haqda “Sports ND” xabar qildi.
Uchrashuv davomida Kongo DR terma jamoasi uzoq vaqt hisobda oldinda bordi. Jamoa 75-daqiqagacha 1:0 hisobida peshqadamlik qildi. Biroq Harri Keyn avvaliga hisobni tenglashtirdi, 86-daqiqada esa g‘alaba golini kiritib, Angliyani 2:1 hisobida keyingi bosqichga olib chiqdi.
O‘yindan keyingi matbuot anjumanida jamoa matbuot kotibi so‘zga chiqib, Desabrga otasining vafoti haqida xabar berdi.
“Murabbiy otasidan ayrilgani munosabati bilan chuqur hamdardlik bildiramiz”, deydi jamoa vakili.
Fojiali xabarga qaramay, Desabr yig‘ilgan jurnalistlarga minnatdorlik bildirib, matbuot anjumanini xotirjamlik bilan yakunladi.
Eslatib o‘tamiz, Sebastyan Desabr Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoasini 2022 yil 7 avgustdan buyon boshqarib kelmoqda. Uning qo‘l ostida jamoa 2023 yilgi Afrika millatlar kubogida yarim finalgacha yetib bordi.
Shuningdek, Kongo DR 52 yillik tanaffusdan so‘ng ilk bor Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi va 2026 yilgi mundialda Kolumbiyaga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lganiga qaramay, Portugaliya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi hamda O‘zbekistonni 3:1 hisobida mag‘lub etib, guruhdan chiqishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo jamoa 1/16 finalda Angliyaga 1:2 hisobida mag‘lub bo‘lib, musobaqa bilan xayrlashdi.
Live
Barchasi