Konyada terakt tayyorlayotgan terrorist qo‘lga olindi
Olam
−
25 fevral 2023
12836Turkiya Ichki ishlar vazirligi bugun, 25 fevral kuni Konya viloyatida portlash tayyorlayotgan PKK (Kurdiston ishchilar partiyasi) terrorchisi Gulda Bebek qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Operatsiya ikki viloyat – Konya va Diyorbakir politsiyasi xodimlari tomonidan mamlakat maxsus xizmatlari bilan kelishilgan holda amalga oshirildi.
Gulda Bebek, taxallusi Xweza Lilaw, Konyadagi Meram kvartalidagi turar-joy binolaridan birida yashirinib, u yerda qonli tashkilot rahbarlaridan ko‘rsatmalar kutayotgan edi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Bebek avvalroq Eronda PKK’ning “maxsus bo‘linmasi” tarkibida faoliyat yuritgan va 2022 yilda yirik terakt uyushtirish maqsadida Turkiya chegarasini noqonuniy kesib o‘tgan. Tintuv chog‘ida undan 9 millimetrli to‘pponcha va uning uchun 2 ta o‘q, shuningdek, teraktga tayyorgarlik ko‘rish uchun jihozlar olib qo‘yilgan.
Turkiya Ichki ishlar vazirligi terrorchi 2022 yil 13 noyabr kuni Istanbuldagi sodir etilgan terakt singari portlashga tayyorgarlikni yakunlaganini ma’lum qildi.
Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an avvalroq PKK jangarilari Turkiyada birinchi marta terakt uyushtirgan 1984 yildan buyon Turkiya xavfsizlik kuchlarining minglab xodimlari, harbiylar va tinch aholi vakillari bu qonli tashkilot qo‘lidan halok bo‘lganini aytgan edi.
AQSH va Yevropa Ittifoqi PKK’ni terror tashkilotlari ro‘yxatiga kiritgan.
So‘nggi yillarda PKK mintaqadagi qonli jinoyatlar uchun javobgarlikni o‘z bo‘linmalariga o‘tkazishga harakat qildi.
Suriyada PKK terroristlari o‘zlarini PYD va YPG (Xalq o‘zini o‘zi himoya qilish bo‘linmalari) nomlari bilan yopib, so‘nggi ikki yil ichida o‘zlarini “Suriya Demokratik Kuchlari” deb atashdi.
Eronda PKK Kurdiston erkin hayot partiyasi sifatida faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 24 fevral kuni Turkiya milliy razvedka tashkiloti o‘tgan yilning noyabr oyida Istanbuldagi teraktni uyushtirishda muhim rol o‘ynagan shaxsni Suriyada o‘ldirganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi