Kommunal va tibbiyot tizimi mulozimlari pora olayotgan paytida ushlandi
3-sahifa
−
04 avgust 4780 2 daqiqa
“Andijon suv ta’minoti” rahbari 8 500 AQSH dollari bilan, Qashqadaryo viloyatida esa tibbiyot sohasidagi mansabdor shaxs 3 000 AQSH dollari pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Andijon suv ta’minoti” AJning viloyat tumanlaridan biridagi filiali boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, mansabdor tanishlari orqali 1983 yilda tug‘ilgan fuqaroning yangi qurilgan xonadoniga oqava suv tarmog‘i tortish uchun ruxsat olish va kanalizatsiya nasosi o‘rnatishda yordam berish evaziga 8 500 AQSH dollari talab qilgan.
DXX, Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ushbu mansabdor so‘ralgan pul mablag‘ini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shuningdek, yana bir holatda Qashqadaryo viloyati OITSga qarshi kurashish markazining tumanlardan biridagi OIV diagnostika laboratoriyasi laboranti 1996 yilda tug‘ilgan fuqaroga nisbatan tayinlangan ekspertiza xulosasini mansabdor tanishlari orqali uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga 3 000 AQSH dollari olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, laborantdan 2 500 AQSH dollarini olgan vaqtida Respublika sud-tibbiy ekspertiza ilmiy-amaliy markazining tuman bo‘limi boshlig‘i ham qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatida soxta ma’lumotlar bilan byudjetdan qariyb 12,9 milliard so‘mlik subsidiya ajratilgani aniqlangandi.
Live
Barchasi