Komilov va Blinken bir-birini tabrikladi
Jamiyat
−
19 fevral 2022
4524Bugun, 19 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibi Entoni Jon Blinken ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan o‘zaro qutlov maktublari yo‘lladi.
Abdulaziz Komilov o‘z maktubida so‘nggi yillarda O‘zbekiston bilan AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
“Mamlakatlarimiz o‘zaro hurmat tamoyili asosida siyosat, iqtisodiyot, inson huquqlari va madaniyat sohalaridagi qator masalalar bo‘yicha muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda”, degan Komilov o‘z maktubida.
Shu nuqtai nazardan, an’anaviy o‘tkazib kelingan maslahatlashuvlar mexanizmi Strategik sheriklik muloqoti darajasiga ko‘tarilib, uning birinchi majlisi 2021 yilda Toshkent shahrida muvaffaqiyatli tashkil etilgani alohida ta’kidlangan.
Shuningdek, AQSH bilan xalqaro va mintaqaviy formatlar, jumladan, “C5+1” mexanizmi doirasidagi samarali hamkorlik e’tirof etilgan. Afg‘oniston xalqiga yordam ko‘rsatish uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi ham qayd etilgan.
O‘z navbatida, Entoni Blinken O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli siyosiy va iqtisodiy yangilanishlar dasturiga yuqori baho bergan. Amerika tomoni bundan buyon ham O‘zbekistonning o‘z oldiga qo‘ygan ulkan maqsadlarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi ta’kidlangan.
Maktubda O‘zbekistonning “C5+1” platformasini mustahkamlashga, jumladan, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, mintaqaviy xavfsizlikni kuchaytirish va mintaqa farovonligiga ko‘maklashish sohalarida qo‘shayotgan salmoqli hissasi qayd etilgan.
Maktub yakunida Entoni Blinken Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston olib borayotgan islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va konstruktiv hamkorlikni davom ettirish tarafdori ekanligini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va AQSH 1992 yil 19 fevral kuni rasman diplomatik aloqa o‘rnatgan. O‘sha yili Toshkentda AQSH elchixonasi ochilgan.
LiveBarchasi