Komilov Shvetsiya, Finlyandiya va Ispaniya TIV rahbarlari bilan kelgusi rejalar haqida kelishib oldi

Jamiyat

image

Bugun, 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Shvetsiya Qirolligi Tashqi ishlar vaziri Enn Linde, Finlandiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Pekka Haavisto hamda Ispaniya Qirolligi TIV rahbari Aranchey Gonsales Layya bilan muloqot qilib, muzokaralar o‘tkazdi.

Komilov Linde xonim bilan O‘zbekiston-Shvetsiya munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildi, xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashdi.

Ikki tomonlama siyosiy muloqotning faollashgani qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarni muntazam tashkil etishning muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlarning parlamentlararo munosabatlarni mustahkamlash, inson huquqlarini himoya qilish borasidagi hamkorlikni kengaytirish, sud-huquq va huquqni muhofaza qilish sohalarida aloqalarni yo‘lga qo‘yishga tayyorligi bildirildi.

Vazirlar savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, mashinasozlik, sanoat, energetika va farmatsevtika sohalarida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Muzokaralarda, shuningdek, BMT, Yevropa Ittifoqi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari hamda tomonlarning xalqaro tashabbuslarini o‘zaro qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida ikki tomon kun tartibining boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston TIV rahbari Pekka Haavisto muloqoti davomida tomonlarning O‘zbekiston va Finlandiya o‘rtasidagi siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga sodiqligi e’tirof etildi. Turli darajadagi bo‘lajak uchrashuvlarning jadvali ko‘rib chiqildi.

TIV rahbarlari fan, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlikni jadallashtirish bo‘yicha fikr almashdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Finlandiya hukumatlararo komissiyasi majlislarini muntazam asosda o‘tkazib borishning ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarni kengaytirishdagi ahamiyati ta’kidlandi.

YeI bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi va O‘zbekistonning “Preferensiyalar bosh tizimi plyus” (“PBT+”) imtiyozlar tizimi doirasida benefitsiar mamlakat maqomini olishi borasida birgalikda ishlashmasalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar chog‘ida afg‘on muammosini tinch yo‘l bilan hal etishdagi hamkorlikni faollashtirish hamda xalqaro va mintaqaviy kun tartibining boshqa mavzulari to‘g‘risida ham fikr almashildi.

Abdulaziz Komilov Ispaniya TIV rahbari Aranchey Gonsales Layya bilan siyosiy muloqotni va parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish masalalarini hamda savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildi.

Muloqot davomida barcha karantin choralari bekor qilinganidan keyin Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Ispaniya hukumatlararo komissiyasining birinchi majlisi hamda ikki davlat yetakchi kompaniya va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi biznes forumni o‘tkazish taklif etildi.

Telefon muloqoti chog‘ida xalqaro tashkilotlar va tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov

Baholaganlar

8

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing