Komilov Pentagon rahbari bilan uchrashdi
Jamiyat
−
21 noyabr 2020
4557Joriy yilning 19 noyabr kuni Vashington shahrida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya AQSH Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida mudofaa sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
TIV xabariga ko‘ra, Kristofer Miller O‘zbekistonga Markaziy Osiyoda barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashda yetakchi rol o‘ynayotgani uchun minnatdorlik bildirgan va Amerika Qo‘shma Shtatlari xavfsizlik bilan bog‘liq umumiy muammolarni hal qilishda O‘zbekiston bilan aloqalarni davom ettirishini tasdiqlagan.
Pentagon rahbari, shuningdek, O‘zbekistonning afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini olib borish, Afg‘onistonni iqtisodiy tiklash va uning Markaziy Osiyo mintaqasiga integratsiyasini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini mamnuniyat bilan qayd etgan. Tomonlar Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini bundan keyin ham ilgari surish va barqaror siyosiy kelishuv maqsadini qo‘llab-quvvatlashda qat’iy ekanliklarini tasdiqlaganlar.
Ikki tomon ham harbiy hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini va terrorizmga qarshi kurash, chegara xavfsizligi va mudofaa muassasalari salohiyatini oshirish kabi masalalarda yaqin hamkorlikni davom ettirishlarini ta’kidlaganlar.
LiveBarchasi