Komilov epidemiyaga qarshi Markaziy Osiyo+Yaponiya Hamkorlik dasturini ishlab chiqishni taklif qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya o‘rtasida epidemiologik xavfsizlikni ta’minlash va transchegaraviy epidemiyalarga qarshi birgalikda kurashish masalalari bo‘yicha Hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni taklif qildi.  Bu haqda vazir bugun, 11 avgust kuni videokonferensiya shaklida “Markaziy Osiyo+Yaponiya” muloqoti tashqi siyosat idorlari rahbarlarining navbatdan tashqari majlisida aytgan.   

Tadbirda Yaponiya Tashqi ishlar vaziri Tosimitsu Motegi, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Muxtar Tleuberdi, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov qatnashgan. 

Videokonferensiya chog‘ida koronavirus infeksiyasiga qarshi birgalikda kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etish masalalari, hozirgi pandemiya sharoitida hamkorlikni mustahkamlash va yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilingan. 

Tomonlar xavfli infeksiyalarga tashxis qo‘yish, davolash va ularning oldini olish borasida ma’lumot, tajriba va uslublar almashish hamda epidemiologiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlar bilan bo‘lishish uchun Muloqot ishtirokchi davlatlari mutasaddi idoralari o‘rtasidagi hamkorlikning ko‘p tomonlama mexanizmini tashkil etishning muhimligini qayd etgan. 

Tibbiyot kadrlarini tayyorlash borasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika va dori vositalarini ishlab chiqarish sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirilgan.

Hamkorlikning yuqori dinamikasini va Markaziy Osiyo davlatlari va Yaponiya iqtisodiyotining barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun tegishli choralarni qabul qilishning zarurligi aytilgan.  Xususan, oziq-ovqat taqchilligini yumshatish uchun qishloq xo‘jaligi sektorini qo‘llab-quvvatlash masalasida so‘z borgan. 

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov majlis ishtirokchilarini koronavirus infeksiyasiga qarshi samarali kurashish, aholining himoyaga muhtoj qatlamlarini kompleks qo‘llab-quvvatlash hamda respublika iqtisodiyoti tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash borasida O‘zbekistonda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida xabardor qilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Abdulaziz Komilov

Baholaganlar

20

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing