Bayden Hukumatidagi muhim shaxs O‘zbekistonga keldi

Jamiyat

image

Bugun, 3 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibining o‘rinbosari Uendi Sherman Toshkentda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, Adliya vaziri Ruslanbek Davletov va O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashevdan iborat idoralararo delegatsiya bilan uchrashdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri AQSH vakiliga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida jamiyatning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Davlat departamenti vakili AQSH tomoni O‘zbekistonda olib borilayotgan keng o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Uchrashuvda mintaqadagi vaziyat va Afg‘onistondagi voqealar rivoji yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar Afg‘onistonda keng milliy yarashuv va inklyuziv hukumatni shakllantirish jarayoniga ko‘maklashish, mamlakatda insonning asosiy huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash, gumanitar inqirozning oldini olish zarurligini ta’kidladilar.

Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali va tashkiliy jihatlari, xususan, Strategik hamkorlik muloqotining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘z navbatida Davlat kotibi o‘rinbosari Tashqi ishlar vaziri Komilov va o‘zbek xalqini O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan muborakbod etdi va O‘zbekistonning Afg‘oniston masalasidagi konstruktiv ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston AQSH elchixonasining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, kotib o‘rinbosari va vazir Komilov vaksinalar tarqatish orqali COVID-19 ga qarshi kurash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni muhokama qilishdi. Davlat kotibi o‘rinbosari AQSH-O‘zbekiston strategik sherikligining ahamiyatini yana bir bor tasdiqladi hamda C5+1 formatida O‘zbekistonning mintaqaviy va transmilliy masalalar bo‘yicha yetakchiligini, shu jumladan uning 2030-yilgacha issiqxona gazlarini tashqariga chiqarishni kamaytirish bo‘yicha ulkan maqsadlarni belgilash majburiyatini olqishladi.

Sherman, O‘zbekiston o‘z islohotlar dasturini amalga oshirar ekan, demokratik islohotlarni davom ettirish va inson huquqlariga hurmatni yanada oshirish muhimligini ta’kidladi. Davlat kotibi o‘rinbosari Sherman Tashqi ishlar vaziri Komilovga va idoralararo delegatsiyaga O‘zbekistonning davomiy hamkorligi uchun minnatdorlik izhor etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Tashqi ishlar vazirligi

Baholaganlar

123

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing