Komilov Afg‘oniston Prezidentiga Mirziyoyevning maktubini topshirdi
Jamiyat
−
23 fevral 2021
3264Avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning Afg‘onistonga safar qilishi haqida xabar bergan edik. Bugun, 23 fevral kuni amaliy tashrif bilan Qobul shahriga kelgan Komilov Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani tomonidan qabul qilindi. Bu haqda Vazirlik Axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, vazir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘aniga yo‘llagan maktubini topshirgan.
Suhbat davomida O‘zbekiston-Afg‘oniston ko‘p qirrali munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilingan.
Ikki tomonlama hamkorlikning joriy yuqori darajasi mamnuniyat bilan qayd etildi va barcha sohalarda o‘zaro manfaatli yaqin aloqalarni yanada chuqurlashtirishga o‘zaro sodiq ekanliklari ta’kidlangan.
Prezident Ashraf G‘ani Afg‘oniston xalqi nomidan Afg‘oniston zaminida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mamlakat iqtisodiyotini tiklashda har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik izhor etgan.
Afg‘onlararo siyosiy muzokaralarning uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish va mamlakatda xavfsizlikni ta’minlashdagi muhim o‘rni qayd etilgan. Muzokaralarda ikki tomon kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilgan.
LiveBarchasi