Komilov: 40 yildan beri... “Kalashnikov”, urush, o‘ldirish, qon
Jamiyat
−
25 avgust 2019
9316O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida mamlakatning tinchimayotgan va urush davom etayotgan Afg‘oniston bilan aloqador loyihalar qurishi bilan bog‘liq vaziyatga oid fikrlarini bildirdi.
“Afg‘oniston O‘zbekistonning loyihalari markazida turibdi. Ko‘pincha odamlar hayron bo‘ladi: “Hozir Afg‘onistonda urush bo‘lyapti, sizlar hali u, hali bu loyiha, deysizlar...” Kelajakni inobatga olib shunday qilinmoqda.
U yerda baribir qachondir tinchlik o‘rnatiladi. Nega deganda, mana biz hukumat bilan ham, muxolifat bilan ham, toliblar bilan ham aloqa o‘rnatganmiz. Ularning hammasi urushdan charchadi.
40 yildan beri... O‘z paytida Sovet Ittifoqi Afg‘onistonga hujum qilgan paytda tug‘ilgan bolalar hozir 42-45 ga kirgan. Umrida urushdan boshqa hech narsani ko‘rmagan. Faqat “Kalashnikov”, urush, o‘ldirish, qon... Shuning uchun ular hammasi charchadi.
O‘ylaymizki, bir-biri bilan kelishib... Albatta, bu jarayon hali cho‘ziladi. 40 yil bir-biri bilan urushgandan keyin bir kunda hal bo‘lishi juda qiyin. Lekin buning boshqa yo‘li yo‘q. Boshqa yo‘li – yana urush, qon... Bunaqa siyosatning kelajagi yo‘q.
Hozir Amerikaning yuvori lavozimli vakillari kelib-ketti. Ular ham muhtaram Prezidentimizning mintaqada olib borayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlayapti. Ayniqsa, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha.
Aytishyaptiki, O‘zbekiston Prezidenti siyosati tufayli mintaqada mutlaqo yangi siyosiy muhit paydo bo‘ldi. O‘zaro muammolarning ko‘pi hal bo‘ldi.
Tojikiston bilan ham, Qirg‘iziston bilan ham, boshqa davlatlar bilan ham muammolar ko‘p hali. Lekin yo‘l ochildi. O‘zaro ishonch paydo bo‘ldi. Do‘stona aloqa o‘rnatishdan boshqa yo‘l yo‘qligini hamma tushundi”, dedi Abdulaziz Komilov.
LiveBarchasi
Medvedev Xitoyga bordi.
10:15