Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosarlari tasdiqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari tomonidan 2019 yil 7 mart kuni qabul qilingan farmoyishga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosarlari tasdiqlandi. Bu haqda 7 mart kuni Agentlik matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Xodjimetov Avazbek Jabbarkulovich — Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Avazbek Xodjimetov 1974 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Davlat sharqshunoslik instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash Oliy maktabini tamomlagan.

2016 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi lavozimiga tayinlangan. 

2017 yildan shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati Axborot-tahlil ishlari bo‘yicha sektori mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.

A. Xodjimetov Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari sifatida davlat axborot siyosatini amalga oshirish, sohaga oid qonunchilikni takomillashlashtirish, axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot tahlili hamda ommaviy axborot vositalari faoliyatini rivojlantirish kabi vazifalarni bajarish uchun mas’ul bo‘ladi.

Rahimova Nargizaxon Asrorovna — Agentlik direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

N. Raximova 1978 yil 27 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1999 yil Toshkent davlat texnika universitetini Iqtisodchi-muhandis mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 

2006 yildan buyon axborot, jurnalistika sohasi bo‘yicha qator lavozimlarda faoliyat ko‘rsatgan. “Delovoy partner”, “Birja” kabi gazetalar, qator elektron ommaviy axborot vositalarida mas’ul lavozimlarda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Media markazida Bosh mutaxassis lavozimida faoliyat yuritgan.

Nargizaxon Rahimova Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasining chet ellarda ijobiy imidjini shakllantirish – PR-markaz vazifasi ijrosi, shuningdek, agentlikning davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirish kabi vazifalar uchun mas’ul bo‘ladi.

Bozorov G‘ayrat Nazarovich — Agentlik direktorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. 

G‘ayrat Bozorov 1984 yil Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. Toshkent Davlat jahon tillari universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha - xalqaro jurnalist. 

2016 yilda O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O‘qituvchi” nashriyot-matbaa ijodiy uyi Davlat korxonasi Marketing bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 

2018 yildan buyon shu kunga qadar nashriyot-matbaa ijodiy uyi direktorining nashriyot va markateng masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

G‘. Bozorov Agentlik direktorining o‘rinbosari sifatida litsenziyalash va nazoratni tashkil etish, nashriyot-matbaa sohasi, kitob savdosi va axborot kutubxona resurslari faoliyatini rivojlantirish kabi vazifalarni bajarish uchun mas’ul bo‘ladi.

Qayd etish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaroriga asosan, Agentlik direktori o‘rinbosarlarining maqomi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosariga tenglashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 4 fevraldagi farmoyishi bilan davlat rahbarining sobiq matbuot kotibi Komil Allamjonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori vazifasini bajaruvchi lavozimiga tayinlangan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Komil Allamjonov

Baholaganlar

82

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing