Kolumbiya Prezidenti Trampga qarshi urushga tayyorligini aytdi

Olam

image

Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro o‘z davlatini himoya qilish uchun qurol olishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, AQSH uni hibsga olishga urinadigan bo‘lsa, xalqi uning yonida turishiga ishonishini aytgan. Bu haqda Kolumbiya yetakchisi o‘zining X sahifasida yozib qoldirdi. 

Petroning yozishicha, u hech qachon harbiy bo‘lmagan, lekin urush va yashirin kurash nima ekanidan xabari bor. 

“1989 yilgi tinchlik kelishuvidan so‘ng qurolni qo‘limga olmayman, deb qasamyod qilgandim, lekin vatan uchun bu ishni qilishga majburman, garchi urushni yoqtirmasam ham”, deydi u. 

Qayd etilishicha, Petro bu bayonotni AQSH to‘satdan Venesuela Prezidenti Nikolas Maduroni hibsga olganidan keyin bergan.

“Agar ular Prezidentni hibsga olishga urinsalar va buni uddasidan chiqsalar, xalqim o‘z yetakchisini sevib va hurmat qiladigan bo‘lsa, millat yaguarini ozod qiladi”, deydi Petro o‘z postida. 

Kolumbiya rahbari shuningdek, politsiya razvedkasi xizmatidagi bir nechta polkovniklarni davlatga zarar yetkazuvchi noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganliklari sababli lavozimidan chetlatishga buyruq berganini ma’lum qilgan. 

Ma’lumot uchun, Gustavo Petro yoshligida chap radikal “19-aprel harakati” (M-19) a’zosi bo‘lgan.

Avvalroq, AQSH kutilmagan harbiy operatsiya o‘tkazib, Venesuelaga zarba bergan va Maduroni hibsga olgan edi. Donald Tramp Maduroni “narkoterrorizm”da ayblamoqda. Shuningdek, 2025 yil dekabr oyida Tramp Venesuelaning oldingi rahbariyati tomonidan o‘zlashtirilgan neft huquqlarini qaytarishga intilayotganini aytgan.

Nodir Shukurov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Tramp Kolumbiya Gustavo Petro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing