Kolumbiya AQSHdan noqonuniy muhojirlarni qabul qiladi

Olam

image

Kolumbiya hukumati AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan barcha shartlarni, jumladan, AQSH tomonidan deportatsiya qilingan muhojirlarni shartsiz qabul qilishni ma’qulladi. Bu haqda Oq uy bayonot berdi.

“Kolumbiya hukumati Prezident Trampning barcha shartlarini, shu jumladan AQSH tomonidan harbiy samolyotlarda deportatsiya qilinadigan barcha noqonuniy migrantlarni cheklovlarsiz va kechiktirmasdan qabul qilishni ma’qulladi”, deyiladi hujjatda.

Shu bilan birga, Kolumbiya rasmiylariga qarshi vizaviy cheklovlar va bu davlat fuqarolari hamda yuklari uchun kuchaytirilgan chegara nazorati birinchi guruh deportatsiya qilingan migrantlarni qabul qilishgacha saqlanib qoladi.

Bayonotga ko‘ra, agar Kolumbiya hukumati migrantlarni qabul qilish bo‘yicha kelishuv shartlarini bajarmasa, savdo bojxona tariflari va sanksiyalarni joriy etish loyihasi imzolanadi.

Ma’lumot uchun, kecha, 26 yanvar kuni Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro AQSH harbiy samolyotlarining deportatsiya qilingan kolumbiyalik migrantlar bilan mamlakat hududiga qo‘nishini taqiqlagandi. Bunga javoban Tramp AQSH Kolumbiyaga qarshi vizaviy va moliyaviy sanksiyalarni, shuningdek, Kolumbiya mahsulotlariga 25 foiz miqdorida savdo bojlarini joriy etishini e’lon qildi. Amerika rahbari bir hafta ichida bu bojlar 50 foizga oshirilishini va bu “faqat boshlanishi” ekanini ta’kidladi.

Donald Tramp qattiqqo‘l antimigratsiya siyosati bilan tanilgan va saylovlarda g‘alaba qozonishidan oldin ham "jinoyatchilarni chiqarib yuborish uchun Amerika tarixidagi eng yirik deportatsiya dasturini boshlash"ga va’da bergan edi. U prezidentlikning birinchi kunida AQSHda boshpana so‘rovchilar uchun chegarani kesib o‘tishga imkon bergan CBP One ilovasini yopishni buyurdi. 23 yanvar kuni Tramp noqonuniy muhojirlarga AQSH-Meksika chegarasidan o‘tishni taqiqlab, davlat idoralariga bunday yo‘l bilan mamlakatga kirganlarni deportatsiya qilish vakolatini berdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Ichki xavfsizlik vazirligining Fuqarolik va immigratsiya xizmati (USCIS) bo‘limi immigrantlarga mamlakatda vaqtincha yashash imkonini beruvchi bir qator dasturlarni to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma bergani xabar qilingan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Kolumbiya noqonuniy muxojirlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing