Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining yana bir ishtirokchisi aniq bo‘ldi

Sport

image

Yevropa Chempionlar ligasining kechagi natijalariga ko‘ra, 2025 yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining yana bir ishtirokchisi ma’lum bo‘ldi. Turinning “Yuventus” klubi JCHda ishtirok etadi.

“Napoli” “Barselona”ga mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, aynan Turin klubi so‘nggi 4 yil ichida UEFA reytingida eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan Italiya jamoasi sifatida turnir ishtirokchilari qatoriga kiritildi.

“Yuventus”dan tashqari, A Seriyadan “Inter” ham Italiya sharafini himoya qiladi. Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining boshqa 8 ta ishtirokchisi allaqachon ma’lum bo‘lib ulgurgan: “Real Madrid”, “Manchester Siti”, “Chelsi”, “Bavariya”,PSJ, “Borussiya Dortmund”, “Portu” va “Benfika”.

Hozirga kelib JCHda qatnashuvchi Yevropadan faqat 2 ta jamoa aniqlanishi kerak. Ayni vaqtda Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibi va UEFA reytingida eng yuqori natijaga ega bo‘lgan Ispaniya jamoalaridan “Atletiko Madrid” yoki “Barselona” klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatiga yo‘l oladi. Agar Chempionlar ligasini turnirda ishtirok etishini kafolatlagan klub yutsa, Yevropada so‘nggi o‘rin eng yuqori reytingiga ega klubga nasib etadi.

Ma’lumot uchun, 2025 yilning yozida klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati ilk bor yangi formatda bo‘lib o‘tadi. Musobaqada butun dunyodan 32 ta eng yaxshi jamoa qatnashadi..

Janubiy Amerikadan uchta ishtirokchi allaqachon ma’lum: “Flamengo”, “Palmeyras” va “Fluminense”. Yana uchta klub tez orada aniq bo‘ladi.

Osiyodan Saudiyaning “Al-Hilol” va Yaponiyaning “Urava Reds” jamoalari ishtirok etadi. Musobaqada Osiyo Chempionlar ligasining joriy mavsumi g‘olibi va so‘nggi 4 yil ichida eng yaxshi natija qayd etgan jamoa ham qatnashadi.

Afrikadan 4 nafar ishtirokchi qatnashadi. “Al-Ahli Qohira” va “Vidad Kasablanka” JCHda to‘p tepishi aniq bo‘lib ulgurgan. “Monterrey, “Sietl” va “Leon” KONKAKAF vakillari sifatida JCHda o‘yinlarida kurash olib boradi.

OFC zonasidan Yangi Zelandiyaning “Oklend Siti” jamoasi turnirda o‘z omadini sinab ko‘radi. Musobaqa mezboni AQSH tomonidan Jahon chempionatiga 1 ta jamoa jalb qilinadi.

2025 yilgi klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati 15 iyundan 13 iyulgacha bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Yuventus Jahon chempionati Real Madrid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing