Klintondan farqli o‘laroq, Epshteyn orolida bo‘lmaganman – Tramp
Olam
−
25 iyul 5095 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp sobiq davlat rahbari Bill Klintondan farqli o‘laroq, u bir necha yil avval bolalarga zo‘ravonlik va boshqa shu kabi og‘ir jinoyatlarda ayblangan amerikalik moliyachi Jeffri Epshteynga tegishli orolda bo‘lmaganini aytdi. Bu haqda u bugun, 25 iyul kuni Oq uyning janubiy maysazorida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
“Orolda 28 marta bo‘lgan Bill Klinton haqida gapirishingiz kerak. Men hech qachon orolda bo‘lmaganman”, dedi Tramp.
U, shuningdek, “The Wall Street Journal” gazetasining Epshteynning 50 yoshga to‘lishi munosabati bilan unga yalang‘och ayolning qo‘lda chizilgan surati bilan tabrik xati jo‘natgani haqidagi iddaolarini ham rad etdi
“Nima haqida gapirayotganingizni ham bilmayman. Kimdir xat yozib, mening ismimni ishlatgan bo‘lishi mumkin, lekin bu ko‘p marta sodir bo‘lganh”, deb ta’kidladi Amerika rahbari.
WSJ manbalarga tayanib xabar berishicha, AQSH bosh prokurori Pam Bondi bahorda Trampga uning ismi Epshteynning hujjatlarida borligi haqida xabar bergan. Nashrning yozishicha, Tramp hujjatlarda ko‘p marta uchraydi.
Moliyachi 2019 yilning 6 iyulida Nyu-York shtati huquq-tartibot idoralari tomonidan hibsga olingan. Prokuraturaning ta’kidlashicha, u 2002-2005 yillarda o‘zining Manxettendagi uyiga o‘nlab voyaga etmagan, eng kichigi 14 yoshda bo‘lgan qizlarni olib borgani haqida dalillar bor. Epshteynning do‘stlari va tanishlari orasida nafaqat AQSHda, balki boshqa ko‘plab mamlakatlarda amaldagi va nafaqadagi amaldorlar (shu jumladan sobiq davlat rahbarlari), yirik tadbirkorlar va shou-biznes yulduzlari bor edi. 2019 yil 10 avgustda qamoqxona kamerasida o‘z joniga qasd qilgandan so‘ng, AQSHda moliyachiga nisbatan jinoiy ta’qiblar tugatildi.
Shu bilan birga, Tramp va uning jamoasi a’zolari 2024 yilgi saylov kampaniyasi davomida Epshteyn ishi bo‘yicha tergov hujjatlarini maxfiylikdan chiqarishga va bu voqeada maksimal shaffoflikni ta’minlashga bir necha bor va’da berishgan. Tramp, Bondi va boshqa AQSH ma’muriyati rasmiylarining tushuntirishlari amaldagi Amerika prezidenti tarafdorlarining katta qismi orasida g‘azabga sabab bo‘ldi. Bu saylovchilar Epshteyn ishi bo‘yicha to‘liq ma’lumot nashr etilishini talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp 21 iyul kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘iga sun’iy intellekt yordamida yaratilgan, Federal qidiruv byurosi xodimlari AQSHning sobiq prezidenti Barak Obamani hibsga olgani aks etgan videoni joylashtirgandi.
Prezident, shuningdek, o‘z sahifasida Gabbardning da’vosini 17 marta e’lon qildi. Bu esa jamoatchilik muhokama qilayotgan mavzuni o‘zgartirishga urinishdek tuyuldi. Ma’lumki, so‘nggi paytlarda Trampning 2019 yil avgust oyida qamoqda vafot etgan milliarder pedofil va jinsiy savdogar Jeffri Epshteyn bilan o‘tmishdagi munosabatlari keng muhokama qilinmoqda. Tramp ma’muriyati ikki hafta oldin Epshteynning “mijozlar ro‘yxati” mavjud emasligini va moliyachi Nyu-Yorkdagi qamoqxonada o‘z joniga qasd qilganini e’lon qilib, shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bu Epshteyn qurbonlari uchun adolat va uning yordamchilari jazolanishini talab qilgan Prezidentning o‘z tarafdorlarini ham g‘azablantirdi.