Klaviatura bilan ishlaydiganlarni qanday xavflar kutadi?
Salomatlik
−
16:55 2858 2 daqiqa
Barmoqlarda og‘riq va uvishish, bilaklarda kuchsizlik, yelka hamda bo‘yin sohasidagi taranglik faqatgina charchoq natijasi emas, balki organizm berayotgan ogohlantiruvchi signallar ham bo‘lishi mumkin. Bu holatlar ko‘pincha klaviaturaning o‘zidan emas, undan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida yuzaga keladi. Rossiyalik terapevt Alina Azizova RT nashriga bergan intervyusida klaviaturada ishlovchilar bilan kuzatiladigan muammolar haqida aytib berdi.
Terapevt to‘g‘ri ergonomikani saqlash va muntazam tanaffuslar qilish bunday muammolarning oldini olishda muhim rol o‘ynashini ta’kidlagan.
Mutaxassis klaviaturani stol chetidan taxminan 30 santimetr masofada joylashtirishni tavsiya qiladi, shunda tirsaklar stol ustida yoki stulning qo‘ltiqtayoqlarida qulay va to‘g‘ri burchak ostida turadi. Bundan tashqari, har 30-60 daqiqalik ishdan so‘ng qo‘llar va barmoqlar uchun qisqa mashqlarini bajarish muhimdir. Mushtlarni siqib-ochish, shuningdek, bilaklarni muloyim aylantirish kabi oddiy harakatlar mushaklardagi zo‘riqishni kamaytirishi mumkin.
Ekspertning aytishicha, asosiy xavf ko‘pchilik o‘ylagandek, harflarni yozish paytida barmoq bo‘g‘imlarining yeyilishi yoki shikastlanishi emas. Bo‘g‘imlar nozik motorika uchun mo‘ljallangan bo‘lib, matn terish jarayoni ularga jiddiy yuklama bermaydi. Asosiy xavf atrofdagi to‘qimalar – mushaklar, paylar va nervlarning uzoq vaqt davomida ortiqcha zo‘riqishi bilan bog‘liq. Bu esa tanaffussiz va uzoq muddatli harf terish jarayonida, ayniqsa qo‘lning noto‘g‘ri holatda ushlab turilishi, masalan, bilakning doim bukilgan holatda qolishi natijasida yuzaga keladi.
Bunday statik yuklanish karpal tunnel sindromining rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Ushbu sindrom bilak sohasida joylashgan tor anatomik kanalda median nervning siqilishi bilan bog‘liq. Azizovaning so‘zlariga ko‘ra, bu holat bir qator xos alomatlar bilan namoyon bo‘ladi.
Xususan, bosh barmoq, ko‘rsatkich barmoq va o‘rta barmoqda, shuningdek, kaftda og‘riq va uvishish paydo bo‘ladi. Bu sezgilar siqilish, sanchish yoki yorilib ketayotgandek hissiyot tarzida namoyon bo‘lishi mumkin hamda ayniqsa tungi paytlarda yanada kuchayadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ish joyida uzoq vaqt davomida o‘tirish barcha sabablar bo‘yicha o‘lim xavfi va yurak-qon tomir kasalliklarini oshirishi isbotlangan edi.
Live
Barchasi