KXSHTdan Afg‘oniston uchun iltifotli bayonot berildi
Olam
−
09 fevral 2022
7376Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti Afg‘onistonga tinch hayotga qaytishda yordam berishga va bu mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarda ishtirok etishga tayyor. Bu haqda Rossiyaning Tashkilotdagi doimiy vakili Mikael Agasandyan ma’lum qildi.
“Biz Afg‘onistonga tinch hayotga o‘tishda yordam berish niyatimizni hamda vaziyatni barqarorlashtirish va bu mamlakatni BMTning markaziy muvofiqlashtiruvchi roli bilan rivojlantirish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarda ishtirok etishga tayyorligimizni yana bir bor tasdiqlaymiz”, degan Agasandyan.
Rossiyaning Tashkilotdagi doimiy vakili KXSHTning umumiy yondashuvi o‘zgarmaganini ta’kidlagan: har qanday ziddiyatli vaziyatlarni hal qilishda so‘zsiz ustuvorlik siyosiy va diplomatik vositalarga beriladi.
“Shubhasiz, Afg‘onistondagi ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar vaziyatning yomonlashuvi nafaqat mamlakat aholisi, balki qo‘shni davlatlar, shuningdek, mintaqadan tashqarida ham o‘ta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Biz xalqaro hamjamiyat afg‘on aholisiga insonparvarlik yordamini kengaytirishi kerak, deb hisoblaymiz”, deya qo‘shimcha qilgan Agasandyan.
Ma’lumot o‘rnida, 2021 yil avgust oyi boshida “Tolibon” afg‘on hukumat kuchlariga qarshi hujumni kuchaytirdi. Harakat 15 avgust kuni Qobulga kirib keldi va ertasi kuni urush tugaganini e’lon qildi. Avgust oyining so‘nggi ikki haftasida AQSH harbiylari himoyasida bo‘lgan Qobul aeroportidan G‘arb fuqarolari va ular bilan hamkorlik qilgan afg‘onlar ommaviy evakuatsiya qilindi. 31 avgustga o‘tar kechasi amerikalik harbiylar Qobul aeroportini tark etib, AQSHning Afg‘onistondagi qariyb 20 yillik harbiy faoliyatiga yakun yasadi. Sentyabr oyi boshida Afg‘oniston muvaqqat hukumati tarkibi e’lon qilindi, unga “Tolibon”ning birinchi hukmronligi davrida tashqi siyosatga mas’ul bo‘lgan va 2001 yildan beri BMT sanksiyalari ostida qolayotgan Muhammad Hasan Oxund rahbar bo‘ldi.
LiveBarchasi