KXDRning 8000 askari Ukrainada jangga kirishga tayyor – Blinken
Olam
−
01 noyabr
3775Shimoliy Koreyadan taxminan 8000 nafar harbiy allaqachon Rossiya-Ukraina chegarasiga yetib borgan va yaqin kunlarda jangovar harakatlarda qatnashishga tayyorlanmoqda. Bu haqda kecha, 31 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ma’lum qildi.
Blinkenga ko‘ra, Rossiya harbiylari shimoliy koreyalik hamkasblariga artilleriya qurollari va dronlardan foydalanishni, shuningdek, piyoda askarlar uchun zarur operatsiyalarni, jumladan, xandaqlarni tozalashni o‘rgatmoqda. Bu kuchlarning old chiziqda qo‘llanishi rejalashtirilganidan dalolat beradi. Bungacha Pentagon matbuot kotibi Sabrina Singx Shimoliy Koreya harbiylari ehtimol yaqin haftalarda Ukrainaga yaqin hududlarda Rossiya qo‘shinlariga kuchaytiruvchi sifatida yordam berishini taxmin qilgan.
Vashingtonning hisob-kitoblariga ko‘ra, Rossiyada KXDRning taxminan 10 000 harbiysi bor. Janubiy Koreya bu sonni 11 000 ga baholasa, Ukraina esa 12 000 deb hisoblamoqda.
Ma’lumot uchun, bungacha AQSH Xitoyga murojaat qilib, Rossiyadagi shimoliy koreyalik qo‘shinlarni o‘z joylariga qaytarishga chaqirgan. Germaniya Tashqi ishlar vazirligi esa agar Shimoliy Koreya askarlari Ukraina urushida qatnashsa, Pxenyanga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qilinishini mumkinligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Shimoliy Koreya askarlarining frontga jo‘natilishi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning umidsizligidan dalolat ekanini ta’kidlagan edi.
LiveBarchasi