KXDR Janubiy Koreyaning taklifini keskin rad etdi

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning singlisi, Markaziy qo‘mita bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Kim Yo Chjon Janubiy Koreya yangi Prezidenti Li Chje Myon tomonidan bildirilgan muzokaralarni tiklash haqidagi takliflarni qat’iyan rad etdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.

Bu Shimoliy Koreyaning Janubiy Koreyada iyun oyida ish boshlagan yangi Prezident ma’muriyatiga birinchi rasmiy munosabati bo‘ldi. Kim Yo Chjonning bayonoti Shimoliy Koreya hozirda Rossiya bilan hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratganini va Janubiy Koreya hamda AQSH bilan diplomatik aloqalarni tiklash niyatida emasligini ko‘rsatgan. 

Seul tomonidan keskinlikni yumshatish uchun bir qancha choralar ko‘rilgan – chegaradagi ovoz kuchaytirgichlar orqali translyatsiyalar to‘xtatilgan, tashviqot sharlarining uchirilishi cheklangan, dengizdan qutqarib olingan 6 nafar KXDR fuqarosi qaytarib yuborilgan. Biroq Kim Yo Chjonning ta’kidlashicha, bu harakatlarning barchasi Pxenyan uchun hech qanday ma’no kasb etmaydi.

“Seul qanday siyosat yuritmasin, qanday takliflar bermasin, bu bizni qiziqtirmaydi. Uchrashish uchun sabab ham, muhokama qilishga arzigulik masala ham yo‘q”, degan Markaziy qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari. 

U Janubiy Koreya Prezidenti tashabbuslarini “munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan samimiy urinish” sifatida baholagan bo‘lsa-da, ularning mohiyatda avvalgi hukumatlardan farqi yo‘q deb hisoblagan. Ayniqsa, Shimoliy Koreya an’anaviy tarzda tahdid sifatida qabul qiladigan Janubiy Koreya va AQSHning bo‘lajak qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari Pxenyanni norozi qilgan.

Shunga qaramay, ayrim tahlilchilarning fikricha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush yakuniga yetgach, agar Shimoliy Koreya Rossiya bilan yaqin hamkorlikni saqlab qololmasligini anglab yetsa, Pxenyan o‘z tashqi siyosat yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myon Pxenyan bilan buzilgan aloqalarni tiklashga chaqirgandi. Li yarimorolda “tinchlik va birga yashash”ni mustahkamlash uchun prezidentlikka kirishganidan so‘ng Shimoliy Koreya bilan muloqot o‘rnatishga harakat qilishini aytdi. U Shimol bilan “barqaror, uzoq muddatli munosabatlar” zarurligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) yetakchisi Kim Chen In G‘arb davlatlariga keskin ogohlantirish bilan chiqqandi. Uning aytishicha, agar AQSH va uning ittifoqchilari Rossiyaga qarshi hujum qilsa, Shimoliy Koreya Qurolli kuchlari zudlik bilan harakatga o‘tadi. Kimning ta’kidlashicha, bu Pxenyanning muqaddas burchi hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya Shimoliy Koreya Kim Yo Chjon Li Chje Myon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing