KXDR Janubiy Koreyani havo hududini buzishda aybladi
Olam
−
10 yanvar 1698 2 daqiqa
Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) rasmiylari Janubiy Koreyani mamlakat havo hududini buzishda aybladi. Bu haqda Markaziy Koreya telegraf agentligi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 4 yanvar kuni KXDR Janubiy Koreya tomondan chegarani kesib o‘tgan uchuvchisiz uchish apparatini aniqlagan. Radioelektron kurash vositalari yordamida dron majburan KXDR hududiga qo‘ndirilgan. Harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, uchuvchisiz apparat kuzatuv uskunalari bilan jihozlangan bo‘lib, muhim ob’ektlarni tasvirga olish vazifasi bilan taxminan uch soatlik parvozga dasturlangan.
“Dronning maqsadi KXDRning muhim ob’ektlarini suratga olishdan iborat edi. Ushbu videomateriallar bu dron kuzatuv va razvedka maqsadida respublikamiz havo hududini buzganini ko‘rsatuvchi aniq dalildir”, deyiladi xabarda.
Dron xotirasidan KXDR hududi ustida olingan, umumiy davomiyligi yetti daqiqaga yaqin bo‘lgan videoyozuvlar topilgan. KXDR Bosh shtabi mazkur hodisani Seul tomonidan olib borilayotgan razvedka faoliyati va provokatsion harakatlarning navbatdagi isboti sifatida baholab, Janubiy Koreyada hokimiyat almashganiga qaramay, bunday harakatlar davom etayotganini ta’kidlagan.
“Koreya Respublikasida KXDR bilan o‘zaro muloqotni tiklash zarurligi haqida baland ovozda gapirishmoqda, ammo bizga qarshi provokatsion harakatlarni yashirincha amalga oshirishni to‘xtatishmayapti”, deyiladi xabarda.
Janubiy Koreya tomoni ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda Shimoliy Koreya tomonidan chegarani buzib o‘tish bilan bog‘liq qariyb 10 ta holat qayd etilgan. Rasmiylar bunday hodisalar chegarani qayta belgilashni taqozo etishini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiya Dengiz xavfsizligi xizmati Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) tomonidan yana bir ehtimoliy raketa uchirilganini aniqlagandi.