KXDR Rossiyaga yiliga 3 millionta snaryad yetkazib bermoqda – “The Times”

Olam

image

Shimoliy Koreya Rossiyaga yiliga taxminan 3 million dona snaryad yetkazib bermoqda. Ushbu ko‘rsatkich Rossiya armiyasi Ukrainadagi urushda foydalanayotgan barcha o‘q-dorilarning yarmiga teng. Bu haqda “The Times” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, KXDRdan kelayotgan o‘q-dorilarning sifati past bo‘lishiga qaramay, ularning umumiy miqdori Rossiya qo‘shinlariga snaryad yetishmovchiligini bartaraf etishga va frontda, masalan, Ugledarning egallanishi kabi muvaffaqiyatlarga erishishga yordam bergan.

Ukraina razvedkasi rahbari Kirill Budanovga ko‘ra, KXDRdan snaryadlarning yetkazib berilishi Rossiyaga samarali foyda keltirmoqda. Shuningdek, Rossiyaning barcha ittifoqchilari ichida Ukraina uchun eng katta muammo Shimoliy Koreya. Pxenyan yetkazib berayotgan harbiy mahsulotlar hajmi shundayki, ular jangovar harakatlar intensivligiga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Nashrga ko‘ra, 2023 yil avgustdan 2024 yil yanvargacha bo‘lgan davrda Uzoq Sharqdagi ikkita portdan Rossiyaning Ukrainaga chegaradosh 16 aholi punktiga 74 ming tonna portlovchi moddalar yetkazib berilgan. Bu miqdor Rossiya urushda ishlatgan 1,6 million dona artilleriya snaryadlari vazniga teng. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu yuklar o‘q-dorilar sifatida belgilangan bo‘lsa-da, hujjatlarda ular portlovchi moddalar deb qayd etilgan. Aynan shu davrda Rossiyaning yuk kemalari Uzoq Sharq va KXDR o‘rtasida qatnab yurgan.

Qayd etilishicha, Ukrainadagi urush fonida boshlangan ikki davlatning hamkorligi 2023 yil sentyabr oyida Kim Chen Inning Rossiyaga tashrifi ortidan yangi sur’at olgan va 2024 yil yozida yanada kuchaygan. Ayni davrda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 24 yil ichida birinchi marta Pxenyanga borgan. Joriy yilning 19 iyun kuni davlat rahbarlari strategik hamkorlik to‘g‘risida shartnoma imzolagan. Hujjatga ko‘ra, Rossiya va Shimoliy Koreya mamlakatlaridan biriga tajovuz uyushtirilsa, bir-birlariga yordam ko‘rsatadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2022 yil o‘rtalaridan beri Shimoliy Koreya Rossiyaga ichida qurol-yarog‘ bo‘lishi mumkin bo‘lgan 13 ming dengiz konteynerini jo‘natgani xabar qilingan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya KXDR snaryad

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made