KXDR askarlari Rossiya armiyasidan qochib ketdi
Olam
−
15 Oktabr
28166Ukraina bilan urushda Rossiya tomonidan xizmat qilayotgan shimoliy koreyalik harbiylar o‘z pozitsiyalaridan qochib ketgan. Bu haqda Ukraina maxsus xizmatlaridagi manbalarga tayanib, “Ukrainskaya pravda” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, Rossiya Mudofaa vazirligi shimoliy koreyalik harbiylardan iborat “buryat bataloni”ni tuzgan. Batalondagi askarlar soni uch ming kishini tashkil etadi. Shulardan 18 kishi Bryansk va Kursk viloyatlari chegarasidagi pozitsiyalarni tashlab qochib ketgan.
Qayd etilishicha, voqea Ukraina chegarasidan 7 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan. Rossiya harbiylari hozirda shimoliy koreyaliklarni qidirmoqda va sodir bo‘lgan voqea haqida qo‘mondonlikka ma’lumot yetib borishini yashirishga urinmoqda.
“24 kanal” razvedka manbalariga tayanib, qochgan askarlar Rossiya Qurolli Kuchlarining 11-alohida desant-shturm brigadasi bazasida xizmat o‘tayotganini xabar qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi “buryat batalonini Kursk viloyatidagi jangovar harakatlarga jalb qilishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Davlat dumasiga Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasida har tomonlama strategik sheriklik shartnomasini ratifikatsiya qilishni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi.