Kiyevga dron hujumi uyushtirildi
Olam
−
22 dekabr 2023
5856Bugun, 22 dekabrga o‘tar kechasi Kiyevda havo hujumi signalizatsiyasi eshitildi, havo mudofaasi ishladi, shundan so‘ng dron qoldiqlari qulashi oqibatida shaharning Solomenskiy tumanidagi turarjoy binosining yuqori qavatida yong‘in sodir bo‘ldi. Darnitskiy tumanidagi qisman qurilishi tugallanmagan uyga ham dron qoldiqlari tushdi. Bu haqda Kiyev meri Vitaliy Klichko ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina poytaxtining Solomenskiy tumanida dron qoldiqlari turarjoy binosiga urilishi oqibatida 24, 25 va 26-qavatlar orasidagi yuk ko‘taruvchi devorlar qisman vayron bo‘lgan. Kvartiralardan birida yong‘in sodir bo‘lgan. Ko‘p qavatli uyning jabrlangan bir fuqarosi shifokorlar tomonidan shifoxonaga yotqizilgan, yana biriga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Darnitskiy tumanida esa yong‘in chiqqan bino o‘chirilgan, qurbonlar yo‘q.
Ukraina Favqulodda vaziyatlar xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, dron qoldiqlari qulashi Kiyevning Goloseyevskiy tumanida ham qayd etilgan, jabrlanganlar yo‘q. Ukrainaning boshqa ayrim hududlarida ham havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilingan.
Ayni paytda, Ukraina ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Kiyevga Shahed tipidagi uchuvchisiz samolyotlar tomonidan uyushtirilgan reyd oqibatida u yerda rafiqasi va ikki nafar bolasi bilan birga yashagan "Birlashgan yangiliklar" telemarafonining boshlovchisi Andrey Kovalskiyning kvartirasi vayron qilingan.
Jurnalistning do‘stlari tomonidan Facebook'ga joylangan suratlarda turarjoy binosining yuqori qavatlariga jiddiy zarar yetgani, shuningdek, singan derazalar va shrapnel va vayronalar bilan to‘ldirilgan xonalar ko‘rsatilgan.
Bir kun oldin, 21 dekabr kuni Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy-havo kuchlari rossiyaliklar Ukrainaga 35 ta Shahed tipidagi dron bilan hujum qilgani, ulardan 34 tasi havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgani haqida xabar bergan. Havo hujumidan mudofaa tizimlari o‘sha kechada Kiyev, Dnepropetrovsk, Vinnitsa, Cherkasi, Xerson, Zaporoje, Nikolayev, Xmelnitskiy, Sumi, Poltava, Chernigov va Kirovograd viloyatlarida ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, 14 dekabrga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga uchuvchisiz samolyotlar va S-300 raketalari bilan hujum qilgandi. Rossiyaning 42 ta Shahed-131/136 dronlari uch yo‘nalishdan – anneksiya qilingan Qrimdagi Balaklava va Chauda hamda Rossiya Federatsiyasining Krasnodar o‘lkasidagi Primorsko-Axtarskdan uchirilgan. Ularning deyarli barchasi (bittasi bundan mustasno) urib tushirilgan.
LiveBarchasi