Kisida Zelenskiyga Ukrainani qo‘llashda davom etishini aytdi

Olam

image

Bugun, 29 avgust kuni Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Yaponiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Yaponiya hukumati rahbari Zelenskiyni 24 avgust kuni nishonlangan Ukraina Mustaqilligi kuni bilan tabriklab, Yaponiyaning Ukraina tomonini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligi haqidagi pozitsiyasi “o‘zgarishsiz qolishi”ni ta’kidlagan. Kisida va Zelenskiy kelajakda ham yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib olgan.

Prezident Zelenskiy esa suhbat davomida har tomonlama yordam, xususan, Ukrainaning “Tinchlik Formulasi”ni qo‘llab-quvvatlagani uchun Kisidaga minnatdorlik bildirgan va Yaponiyani global tinchlik sammitini tayyorlashda ishtirok etishga taklif qilgan.

“Biz Yaponiya raisligi davrida qabul qilingan Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari haqidagi G7 deklaratsiyasini qadrlaymiz. Ushbu deklaratsiya doirasida tegishli ikki tomonlama shartnomalar tuzish vaqti keldi. Biz Yaponiya bilan bu muzokara jarayonini imkon qadar tezroq boshlashga tayyormiz”, deb yozgan Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida.

“Kyodo” agentligi Kisida va Zelenskiy o‘tkazilgan telefon suhbatlarida Ukraina infratuzilmasini tiklash uchun ishlatilishi kerak bo‘lgan Yaponiyadan moliyaviy yordam ko‘rsatish masalasini muhokama qilishlari mumkinligini yozgan.

Ma’lumot uchun, Kisida va Zelenskiy oxirgi marta joriy yilning iyul oyi oxirida Vilnyusda NATO sammiti chog‘ida gaplashgan, ammo keyin jadvaldagi muammolar tufayli tomonlar to‘laqonli muzokaralar olib bora olmagan. Bungacha ikki davlat rahbarlari may oyi oxirida Xirosimada shaxsan uchrashgan, u yerga Ukraina Prezidenti G7 sammitida ishtirok etish uchun borgan.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Ukraina Zelenskiy Kisida

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing