“Kishanlar uzildi”. Ash-Shara Trampga rahmat aytdi
Olam
−
16:40 887 2 daqiqa
Suriyaning muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shara AQSH tomonidan mamlakat “terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar” ro‘yxatidan chiqarilgani munosabati bilan AQSH Prezidenti Donald Trampga videomurojaat orqali minnatdorlik bildirdi. Bu haqda Suriya prezidenti X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.
Avvalroq, AQSH Moliya vazirligi Suriya 1979 yildan buyon bo‘lib kelgan “terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar” ro‘yxatidan rasman chiqarilganini ma’lum qilgandi.
Ahmad ash-Shara o‘z murojaatida Suriyaning ushbu ro‘yxatdan rasman chiqarilgani bilan mamlakat xalqini tabriklagan va Trampga “ushbu tarixiy qaror” uchun minnatdorlik bildirgan.
Suriya Prezidenti AQSH Moliya vazirligining qarordan keyin bergan yozma bayonotida Suriya og‘riqli o‘tmishini ortda qoldirib, taraqqiyot, tiklanish va bunyodkorlik yo‘liga qadam qo‘yayotganini aytgan. Uning aytishicha, Suriya xalqi sanksiyalarning bekor qilinishi va cheklovlarning tugatilishi natijasida yana bir muhim g‘alabaga erishgan.
Shuningdek, u videomurojaatida Suriya yelkasidagi “qora dog‘”ni o‘chirib, og‘riqli o‘tmish sahifasini yopayotganini aytgan.
“Bugun Suriya yelkasidagi qora dog‘ni o‘chirib, o‘z qo‘llari bilan og‘riqli o‘tmishi sahifasini yopmoqda va taraqqiyot, tiklanish hamda bunyodkorlik yo‘liga qadam qo‘ymoqda. Buyuk Suriya xalqi, siz yana bunga erishdingiz. Sizga nisbatan sanksiyalar bekor qilindi va kishanlar uzildi. Yaratgandan sizlarga xizmat qilishimiz uchun bizga yordam berishini so‘rayman”, degan u.
U, shuningdek, Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Trampga hamda ular bilan yonma-yon turgan barcha do‘stona va qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarga samimiy minnatdorligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ahmad ash-Sharaa Turkiya va Saudiya Arabistoni o‘tgan yili mamlakatga qarshi sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha vositachilik qilganini, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa bu masalada AQSH rahbariyati bilan muzokaralar olib borganini aytgandi.
Live
Barchasi