Kirovda O‘zbekiston bilan savdo markazi tashkil etiladi
Jamiyat
−
20 iyul 2023
4950Rossiyaning Kirov viloyati hokimiyati O‘zbekiston bilan savdo markazini yaratish uchun yer tanlamoqchi. Bu haqda Kirov hukumati raisi o‘rinbosari Mixail Sandalov ma’lum qildi.
Kecha, 19 iyul kuni Kirov gubernatori Aleksandr Sokolov va O‘zbekistonning Qozondagi bosh konsuli Fariddin Nasriyev o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“Osiyo bilan savdo aloqalarini kengaytirish maqsadida biz O‘zbekiston bilan eng yirik savdo markazini yaratish uchun yer uchastkasini tanlayapmiz. Bizda Lyangasovoda Yevrosiyodagi eng katta temir yo‘l saralash stansiyasi bor, bizdan shimolga yo‘l bor. Biz sabzavotlarni Komi Respublikasiga yetkazib berilishini kutmoqdamiz”, deydi Sandalov.
Ammo u loyihani amalga oshirish muddati va sarmoya miqdorini oshkor qilmagan.
Kirov viloyati rahbari mintaqaning logistika nuqtai nazaridan qulay joylashuvini qayd etib o‘tgan.
"Bir tomondan, mintaqa Trans-Sibir temir yo‘lida joylashgan, boshqa tomondan, shimolga yo‘l bor: biz orqali Osiyodan Oq dengizga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l", deydi Sokolov.
Shuningdek, u Kirov viloyati va O‘zbekiston ishonchli hamkor ekanini urg‘ulagan.
“Biz O‘zbekistonni barqaror, hurmatli hamkor sifatida bilamiz, tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda, o‘zbek madaniyatiga qiziqish bor. Hamkorlikni ko‘paytirish, uni haqiqiy ishlar va loyihalar bilan mustahkamlash uchun barcha asoslar bor. Bizda yog‘och, mashinasozlik, kimyo sohalari bor. Bu o‘zbekistonlik hamkorlarni qiziqtiradi”, deydi u.
Fariddin Nasriyevning aytishicha, o‘tgan yili O‘zbekiston va Kirov viloyati o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 30 million dollarni tashkil qilgan.
“Biz O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlik qilish istagini ko‘rdik, yaqin kelajakda videokonferensaloqa formatida sessiya o‘tkazishga kelishib oldik va tadbirkorlarni O‘zbekistondagi forumga taklif qildik. Bundan tashqari, biz Kirov viloyatida tahsil olayotgan talabalar bilan uchrashdik va universitet bilan ular ko‘proq talabalarni qabul qilishga tayyor ekanliklarini kelishib oldik”, deydi Nasriyev.
O‘zbekiston bilan hamkorlik
Kirov viloyati hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston mintaqaning eng yirik savdo hamkorlaridan hisoblanadi. O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, respublika Kirov viloyatining tashqi savdo aylanmasi bo‘yicha MDH davlatlari orasida uchinchi o‘rinni egalladi.
Yil davomida tovar ayirboshlash 46,8 foizga, eksport hajmi 54 foizga oshdi. Eksportning tovar tarkibida yog‘och va undan tayyorlangan buyumlar, ko‘mir, alyuminiy, qora metallar, plastmassa va ulardan tayyorlangan buyumlar ustunlik qiladi.
Tovarlar importida tikuvchilik, trikotaj gazlamalar, paxta yetakchi o‘rinni egallaydi.
Kirov viloyatining O‘zbekiston bilan gumanitar hamkorligi ham izchil rivojlanmoqda. Viloyat oliy o‘quv yurtlari O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari bilan beshta hamkorlik shartnomasi tuzib, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirmoqda. Ilmiy-tadqiqot va ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazmoqda, professor-o‘qituvchilar va talabalarning amaliyot o‘tashlarini tashkil etmoqda. Kirov viloyati oliy o‘quv yurtlarida O‘zbekiston Respublikasidan 95 nafar talaba tahsil olmoqda.
LiveBarchasi