Kir bosgan o‘rindiqlar: Toshkentda avtobus holati sabab mexaniklar jazolandi
Jamiyat
−
18:47 471 1 daqiqa
Toshkent shahrida 66-sonli avtobus salonining sanitariya holati talabga javob bermagani uchun uch nafar navbatchi mexanikning oylik maoshidan 10 foiz miqdorida jarima undirildi. Bu haqda “Toshshahartransxizmat” AJ xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 13 oktyabr kuni Telegram’da “12-avtobus saroyi” filialiga qarashli, 66-sonli “Yo‘ldosh 17-mavzesi – Toshkent vokzali” yo‘nalishida harakatlanuvchi 205-saroy raqamli avtobus salonining sanitariya holati tanqid qilingan post e’lon qilingan.
Murojaat o‘rganilgach, avtobus shu kunning o‘zida yo‘nalishdan qaytgach, yuvish shoxobchasida to‘liq yuvilgan. Shuningdek, salonning ichki qismi maxsus tozalash vositalari yordamida sanitariya talablariga muvofiq tozalangan.
Aniqlangan kamchiliklar sabab navbatchi mexaniklar X. D., R. V. va O‘.A. bilan tushuntirish ishlari olib borilib, ulardan tushuntirish xatlari olingan. Shundan so‘ng ularga belgilangan tartibda oylik ish haqining 10 foizi miqdorida jarima jazosi qo‘llangan.
“Toshshahartransxizmat” AJ yo‘lovchilarga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish, avtobuslarning sanitariya holatini doimiy nazorat qilish hamda bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar ko‘rilishini bildirgan.
“12-avtobus saroyi” filiali yuzaga kelgan noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda avtobusni harakatlanish vaqtida eshiklarini yopmasdan boshqargan haydovchiga nisbatan intizomiy chora ko‘rilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi