Kimki “Saylov o‘tdi – safarbarlik tugadi”, deb o‘ylasa, xato qiladi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
14 iyul 2023
13982Kimki “Saylov o‘tdi – safarbarlik tugadi”, deb o‘ylasa, xato qiladi. Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishgan Shavkat Mirziyoyev ayni vaqtda bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlis va Senat palatalarining qo‘shma majlisida so‘z ochdi.
“Biz saylovning ertasi kuniyoq belgilab olingan ulkan maqsadlarni amalga oshirish bo‘yicha qat’iy harakatlarni boshladik. Chunki vaqt, hayot bizni kutib turmaydi. Davrning o‘zi barchamizni tezkor bo‘lishga, kerak bo‘lsa, vaqtdan o‘zib ishlashga undamoqda.
Kimki “Saylov o‘tdi – safarbarlik tugadi”, deb o‘ylasa, xato qiladi. Haqiqiy safarbarlik endi boshlanadi. Chunki xalqimiz bizga ishonib topshirgan katta-katta reja va dasturlarni o‘zimiz bajarmasak, ayting, chetdan kim kelib bajarib beradi?” deydi Prezident.
Uning qayd etishicha, kelgusi yetti yilga mo‘ljallab ishlab chiqilgan strategik maqsadlarga erishish uchun barcha kuch va imkoniyatlar bor.
U so‘zida davom etarkan, O‘zbekiston uning rahbarligida boshlangan islohotlardan ortga qaytmasligini yana bir bor urg‘uladi.
“Qudratli xalqimizga tayanib, aql-zakovatimiz, bilim va tajribamizni ishga solib, islohotlarimiz sur’ati va samarasini yanada oshiramiz, hech qachon susaytirmaymiz. Qanchalik qiyin va mashaqqatli bo‘lmasin, tanlagan yo‘limizdan ortga qaytmaymiz”, deydi Mirziyoyev.