Kim yangi raketalarini sinovdan o‘tkazdi
Olam
−
09:21 1800 1 daqiqa
Shimoliy Koreya Raketa qurilishi bosh boshqarmasi kecha, 24 dekabr kuni katta balandlik va uzoq masofaga mo‘ljallangan yangi zenit raketalarining sinov uchirishini amalga oshirdi. Bu haqda Koreya Markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Sinov jarayonini KXDR yetakchisi Kim Chen In shaxsan kuzatgan va sinovlar muvaffaqiyatli o‘tgani munosabati bilan ishlab chiquvchilarni tabriklagan.
Uchirish Koreya Sharqiy dengizi akvatoriyasida bo‘lib o‘tgan va yangi havo hujumidan mudofaa tizimining taktik-texnik xususiyatlarini baholashga qaratilgan ilk sinov bo‘lgani qayd etilgan.
Axborot agentligi ma’lumotiga ko‘ra, raketalar taxminan 200 kilometr masofadagi shartli havo nishonlarini muvaffaqiyatli urib tushirgan. Sinovlar mamlakat havo mudofaasi tizimini rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar doirasida o‘tkazilgan.
Agentlikning ta’kidlashicha, Pxenyan yadroviy jangovar tayyorgarlikni saqlash va kuchaytirishni milliy xavfsizlikning asosiy vazifalaridan biri, deb hisoblaydi va buni o‘zining “asosiy majburiyati” sifatida ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyida Seulda Janubiy Koreya va AQSH Prezidentlari uchrashuvi arafasida Koreya xalq demokratik respublikasi mamlakatning sharqiy sohilidagi dengiz tomonga qisqa masofali ballistik raketalarni uchirgandi.
Live
Barchasi