Kim yangi ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In tashqi kuchlarning tahdidi mavjudligini bahona qilib, Shimoliy Koreyaning yadroviy salohiyatini yana kengaytirish zarurligini e’lon qildi va “ultra-katta kallaklar” va modifikatsiyalangan qanotli raketalarga ega yangi taktik ballistik raketalarni sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda kecha, 18 sentyabr kuni Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.

Qurollarni sinovdan o‘tkazishni Kim Chen Inning shaxsan o‘zi boshqargan. Ma’lumotlarga ko‘ra, sinovlarda og‘irligi 4,5 tonna bo‘lgan Xwasongpo ballistik raketasi ishtirok etgan.

Avvalroq, Janubiy Koreya harbiylari KXDR qisqa masofaga uchuvchi bir nechta raketalarni uchirgani haqida xabar bergan edi. Bu Shimoliy Koreyaning bir hafta ichida ikkinchi raketa sinovi bo‘ldi. Bundan tashqari, 13 sentyabr kuni Pxenyan birinchi marta Kim Chen Inning uranni boyitish bo‘yicha taklif qilingan ob’ektga tashrifi aks etgan kadrlarni e’lon qildi.

Shimoliy Koreya yadro dasturi

Shimoliy Koreya birinchi marta yadro sinovlarini 2006 yilda o‘tkazgan. Mamlakat raketa va yadroviy dasturlari tufayli BMTning keng qamrovli sanksiyalari ostida. Shu paytgacha Shimoliy Koreya uranni boyitish zavodi haqida hech qachon ochiq xabar bermagan. Bunday inshootlar yadroviy qurol ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan yuqori darajada boyitilgan uranni ishlab chiqaradi. Buning uchun uran xomashyosi sentrifugalarda yuqori tezlikda tezlashtiriladi.

Sanksiyalarga qaramay, Shimoliy Koreya yadro dasturini rivojlantirmoqda. Manbalarga ko‘ra, bunga Xitoy va Rossiya qisman yordam beradi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 4 avgust kuni KXDR chegara qo‘shinlari mamlakat korxonalarida ishlab chiqarilgan 250 ta yangi taktik ballistik raketalarni uchirish moslamalarini qabul qilib olgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya Yapon dengiziga bir nechta ballistik raketa uchirgandi. Raketalardan biri mamlakatning eksklyuziv iqtisodiy zonasidan tashqarida dengizga qulab tushgan.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In Shimoliy Koreya ballistik raketa

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing