Kim Ukrainadagi askarlariga o‘zini o‘ldirishni buyurdi

Olam

image

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Ukrainadagi urushda qatnashayotgan harbiylariga asirga tushmaslik uchun o‘z joniga qasd qilishni buyurdi. Bu haqda Markaziy telegraf agentligi tomonidan uning nutqidan keltirilgan iqtibos orqali ma’lum bo‘ldi.

Kim Chen In o‘z joniga qasd qilish amaliyotini Pxenyanda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida halok bo‘lgan shimoliy koreyaliklar xotirasiga bag‘ishlangan memorial ochilishi marosimida tilga olgan. U asirga tushmaslik uchun “o‘zini portlatib yuborgan” askarlarni kamida ikki marta eslatib o‘tgan va ularni qahramon deb atagan.

“Buyuk sharafni himoya qilish yo‘lida hech ikkilanmay o‘z joniga qasd qilishni, xudkushlik hujumini tanlagan qahramonlar... Ular ulkan jasorat ko‘rsatgan bo‘lsalar-da, hech qanday mukofot kutmadilar. Ular qahramonlarcha halok bo‘ldilar”, deydi Kim Chen In.

KXDR harbiy xizmatchilari Ukraina Qurolli kuchlariga asirga tushmaslik uchun o‘z joniga qasd qilayotgani haqida avval ham OAVda ko‘p yozilgan va siyosatchilar tomonidan aytilgan. Biroq bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i mavjud emas edi.
 
Masalan, 2024 yil oxirida Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi shimoliy koreyalik askarlarning asirga tushmaslik uchun o‘z joniga qasd qilgani bilan bog‘liq bir necha holatlar haqida gapirgan. O‘shanda u buni “asirga tushgan taqdirda Shimoliy Koreyadagi oilalariga nisbatan qilinishi mumkin bo‘lgan qatag‘onlardan qo‘rqish” bilan izohlagan. O‘sha paytda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham bu haqda to‘xtalib, Rossiya harbiylari va shimoliy koreyalik komandirlar askarlarni asirga olishning iloji bo‘lmasligi uchun “hamma ishni qilayotganini” ta’kidlagan.

“Biz ko‘ryapmizki, Rossiya harbiylari va Shimoliy Koreya nazoratchilari ushbu koreyaliklarning tirik qolishidan umuman manfaatdor emas. Hamma narsa koreyaliklarni asirga olishimiz imkonsiz bo‘lishi uchun qilinmoqda: ularni urib o‘ldirishmoqda, shunday faktlar bor. Rossiyaliklar ularni shturmlarga minimal himoya bilan yubormoqda”, degan u o‘z murojaatida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 aprel kuni Pxenyanda Ukraina armiyasiga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etgan KXDR harbiy xizmatchilariga bag‘ishlangan memorial majmua va muzeyning ochilish marosimi bo‘lib o‘tgandi. Faqatgina 2024 yilning o‘zida KXDR Rossiyaga jangovar harakatlarda qatnashish uchun 11 mingga yaqin harbiy jo‘natgan bo‘lib, NATO ma’lumotlariga ko‘ra, ularning 1,5 mingga yaqini halok bo‘lgan. Shimoliy Koreya rasmiylari o‘z harbiylari jo‘natilganini faqat 2025 yildagina tasdiqlab, ular “muqaddas missiya”ni bajarayotganini ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Kim Chen In Ukraina asir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing