Kim Rossiyaga sapyor va quruvchilarni yubormoqchi
Olam
−
17 iyun
7471Shimoliy Koreya Rossiyaga 1000 nafar sapyor va 5000 quruvchini yuborishini va’da qildi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasining Xavfsizlik kengashi kotibi Sergey Shoygu ma’lum qildi.
Bildirilishicha, KXDR Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalari Rossiya armiyasi tomonidan siqib chiqarilganidan keyin katta zarar ko‘rgan Kursk viloyatini tiklashda ishtirok etish uchun Rossiyaga 6000 nafar mutaxassis yuboradi. Rossiya va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi ushbu kelishuv bugun, 17 iyun kuni Shoyguning bir oy ichidagi KXDRga ikkinchi safarida erishildi.
“KXDR Davlat ishlari raisi Kim Chen In Rossiyaga ming nafar sapyorni Rossiya hududida minalarni tozalash uchun, shuningdek, besh ming harbiy quruvchini vayron qilingan infratuzilma ob’ektlarini tiklash uchun yuborish qarorini qabul qildi”, dedi Shoygu.
Uning aytishicha, tomonlar Kursk viloyatidagi janglarda halok bo‘lgan shimoliy koreyalik harbiylar xotirasiga yodgorliklar barpo etish masalasida ham kelishib olgan. Shoyguning ma’lum qilishicha, Pxenyanda Rossiya ishtirokida tegishli yodgorlik majmuasi va muzey yaratish masalasi muhokama qilingan.
Ma’lumot uchun, Shoygu Shimoliy Koreyaga bugun, 17 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin topshirig‘iga binoan tashrif buyurgan. Bu tashrif joriy yilning 4 iyun kuni bo‘lib o‘tgan oldingi safar davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida tashkil etilgan.
O‘shanda Shoygu Kim Chen In bilan Ukraina frontidagi vaziyat, 2024 yil iyunida imzolangan har tomonlama strategik sheriklik bitimining ayrim bandlari bajarilishi va Kursk viloyatida jang qilgan koreyalik jangchilar xotirasini saqlash masalalarini muhokama qilgan.
Qayd etish joiz, Rossiya rasmiylari KXDR qo‘shinlarining Ukraina Qurolli kuchlariga qarshi janglardagi ishtirokini joriy yil aprel oyi oxirida tan oldi. Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimov Kursk viloyati “to‘liq ozod qilingani”ni e’lon qilgan va shimoliy koreyalik jangchilar “mintaqaga kirib kelgan Ukraina kuchlarini tor-mor qilishda muhim yordam berganini” ta’kidlagan edi. Shundan so‘ng Putin Kim Chen In va KXDR rahbariyatiga yordam uchun minnatdorlik bildirgan edi.
Rossiya bilan Shimoliy Koreya o‘rtasidagi strategik ittifoq chuqurlashuvi 2024 yil yozida Putinning KXDRga tashrifidan so‘ng boshlandi. O‘shanda ikki davlat rahbarlari agar ulardan biriga agressiya qilinsa, o‘zaro harbiy yordam ko‘rsatishni nazarda tutuvchi strategik sheriklik shartnomasini imzolagan.