Kim Chen Inning qizi yana omma oldida paydo bo‘ldi
Olam
−
28 noyabr 2022
7447Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yangi “Xvason-17” qit’alararo ballistik raketasining muvaffaqiyatli uchirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirga yana qizi Kim Chju E bilan birga tashrif buyurdi. Bu haqda Asia News axborot tarmog‘i xabar bergan.
Uning ikkinchi marta paydo bo‘lishi Kim Chen Inning davomchisi bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni kuchaytirdi. Ammo tahlilchilar fikricha, bu erkaklar ustunlik qiladigan Shimoliy Koreyada misli ko‘rilmagan keskin kurashga olib kelishi mumkin.
Kim Chen In qizi hamrohligida “Qizil bayroq kompaniyasi jangchilari”, mudofaa ilmiy-tadqiqot instituti rasmiylari, olimlar, texnik xodimlar va “Xvason-17” qit’alararo ballistik raketasi uchirilishiga “katta hissa qo‘shgan” o‘q-dorilar zavodi ishchilari bilan birgalikda suratga tushgan.
“Tarix o‘rgatgan haqiqat shuki, biz kuchsiz emas, balki eng kuchli bo‘lganimizdagina, kurashlardagi kuch-qudrat g‘alabani hal qiladigan hozirgi dunyoda biz mamlakat va millatning buguni va kelajagini himoya qilishimiz mumkin buladi”, deydi Kim Chen In ishchilar bilan uchrashuvda.
Shuningdek, loyihada ishtirok etgan 100 dan ortiq xodimlarning lavozimini ko‘tarish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qarorda Kim Chen In yadroviy qurilishdan yakuniy maqsad dunyodagi eng qudratli strategik kuchga, asrda misli ko‘rilmagan mutlaq kuchga ega bo‘lish ekanini alohida ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, Kim Chen Inning uch nafar farzandi bor – ikkita qiz va bir o‘g‘il. Biroq bir necha kun ichida Chju Eni dunyoga ikki marta ko‘rsatib, u o‘zining vorisi bo‘lishi yoki yetakchilik pozitsiyasini egallashi uchun o‘qitilishi mumkinligini ko‘rsatdi.
Eslatib o‘tamiz, Kim Chen In oldinroq qizi va turmush o‘rtog‘i bilan “Xvason-17” qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazgan edi va qizini birinchi marotaba dunyoga ko‘rsatgan edi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi