Kim Chen In yadroviy tayyorgarlikni oshirishni buyurdi
Olam
−
28 fevral
2758Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat yadroviy kuchlarining jangovar tayyorgarligini oshirish zarurligini va yadro qurolidan foydalanishga to‘liq tayyor bo‘lishga chaqirdi. Bu haqda Koreya markaziy axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari ushbu so‘zlarni strategik qanotli raketalarni sinovdan o‘tkazish chog‘ida aytib o‘tgan.
“Bu Shimoliy Koreyaning 2025 yil boshidan beri to‘rtinchi raketa sinovi. Ularning maqsadi mamlakat armiyasining hujumga o‘tish qobiliyatini va KXDRdagi xavfsizlik holatini jiddiy ravishda buzayotgan dushmanlarga qarshi turli yadro qurollarining jangovar tayyorgarligini namoyish etishdir”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, Kim Chen In mashg‘ulotlar natijasidan mamnunligini bildirib, KXDR yadroviy to‘xtatuvchi kuchlari ishonchliligi va foydalanishga yaroqliligini ta’kidlagan.
Shuningdek, u KXDRning jangovar tayyorgarligini izchil oshirishni KXDR yadroviy kuchlarining mas’uliyatli missiyasi deb atagan.
“Yadro qurolli kuchlarining jangovar tayyorgarligini yanada izchil oshirish, ulardan foydalanishga har tomonlama tayyor bo‘lish va shu tariqa ishonchli yadro qalqoni bilan davlat suvereniteti va xavfsizligini abadiy himoya qilish respublika yadro qurolli kuchlarining mas’uliyatli missiyasi va burchidir”, degan Shimoliy Koreya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kim Chen In yadroviy materiallar ishlab chiqarish bazasi va yadroviy qurol tadqiqot markaziga tashrifi chog‘ida Shimoliy Koreya ortib borayotgan tashqi tahdidlar fonida yadroviy qarama-qarshilikka tayyorligini oshirishi kerakligi haqida gapirgandi. Uning aytishicha, yadroviy ishlab chiqarishni kuchaytirish va mamlakat yadro qalqonini mustahkamlashda innovatsion natijalarga erishish juda ham zarur.
LiveBarchasi
Trenddagilar

