Kim Chen In suitsidning oldini olish bo‘yicha buyruq berdi
Olam
−
08 iyun 2023
6592Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mahalliy hokimiyat organlariga o‘z hududlarida o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olishni talab qiluvchi mahfiy buyruq berdi. Bu haqda “Radio Free Asia” (RFA) nashri xabar berdi.
Kim Chen In rasman o‘z joniga qasd qilishni sotsializmga xiyonat harakati deb ta’riflagan va mahalliy hukumatlarga profilaktika choralarini ko‘rishni buyurgan. Shuningdek, bunday holatlar uchun mahalliy hokimiyat organlari javobgar bo‘lishi qayd etilgan.
Bildirilishicha, bu tadbir mamlakatda o‘z joniga qasd qilish holatlari keskin oshgani bilan bog‘liq. Joriy yilning may oyi oxirida Janubiy Koreya Milliy razvedka boshqarmasi ham Shimoliy Koreyada o‘z joniga qasd qilish holati o‘tgan yilga nisbatan 40 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.
Xususan, yil boshidan buyon Shimoliy Koreyaning Shimoliy Hamgyong provinsiyasida birgina Chongjin shahri va uning atrofidagi tumanlarda 35 ta o‘z joniga qasd qilish holati qayd etilgan.
“O‘z joniga qasd qilish holatlarining aksariyati o‘ta qashshoqlik va ochlik tufayli sodir bo‘ladi, shuning uchun hozircha hech kim (mahalliy rasmiylar) qarshi choralar ko‘rish imkoniyatiga ega emas”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi