Kim harbiy-dengiz qo‘shinlarini kuchaytirishga buyruq berdi
Olam
−
06 Oktabr 2025 4254 2 daqiqa
Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In mamlakat suverenitetini himoya qilish uchun o‘z flotini jadal rivojlantirish zarurligini aytdi. Bu haqda u bugun, 6 oktyabr kuni Chve Xyon esminetsini tekshirish va “Milliy mudofaani rivojlantirish 2025” ko‘rgazmasining ochilish marosimidagi nutqida so‘z ochdi.
U flotning jangovar tayyorgarligi va harbiy-texnik jihozlarini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Shuningdek, u yangi “o‘ta qudratli harbiy kema” KXDR qurolli kuchlari mustahkamlanganini yaqqol namoyon etishini va respublikaning kemasozlikdagi yutuqlarini namoyish etishini alohida ta’kidladi.
Davlat rahbari esminetsning qurollanishini ko‘zdan kechirdi, ekipaj va dengiz piyodalarini kema ekspluatatsiyasiga tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Kim Chen In “milliy suverenitet, xavfsizlik va manfaatlar yo‘lida” harbiy-dengiz kuchlari kuchini ishlatish hamda dushmanning ehtimoliy provokatsiyalarini oldini olish va jazolash zarurligini ta’kidladi.
“Milliy suverenitet va xavfsizlik uchun dengiz flotimizning qudratli kuchi ulkan okeanda qo‘llanilishi kerak, shunda biz dushmanning fitnalarini to‘liq to‘xtata olamiz, ularga javob beramiz va jazolay olamiz”, degan Kim Chen In.
5 ming tonnalik Chve Xyon joriy yilning aprel oyida suvga tushirilgan va Shimoliy Koreya harbiy-dengiz kuchlaridagi eng yirik kema hisoblanadi. Kema tovushdan tez strategik qanotli raketalar, taktik ballistik raketalar va boshqa zarba beruvchi qurollarga ega.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In yangi “maxfiy qurol” ishlab chiqilishini e’lon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qurol mamlakat mudofaa qobiliyatini sezilarli darajada mustahkamlaydi.
Live
Barchasi