Katta urushning cho‘zilgan muqaddimasi
Tahlil
−
08 avgust
9208Bugun aksar dunyo aholisining ko‘z-qulog‘i Tehron va Tel-Aviv o‘rtasida yonayotgan chiziqda. Ismoil Xoniyaning Tehronda o‘ldirilishi va Eron bunda Isroilni ayblab, qasos olishga va’da bergan kundan boshlab istalgan soatda Eron mintaqadagi yahudiy davlatiga qaqshatqich zarba berishi mumkin. Ammo qasos zarbasi yo‘llanishi taxmin qilingan kunlar asta-sekin o‘tib bormoqda. Tehron rasmiylari yana faqat dag‘dag‘a bilan cheklanish va amaliy harakatlardan tiyilish yo‘lini tanlayotgandek taassurot uyg‘otmoqda.
Ushbu sharoitda dunyo OAVlari bir-biridan tubdan farq qiluvchi ikki xil ssenariyni ilgari surmoqda. Ba’zi manbalar Eronning bu harakatsizligi fonida mamlakat rasmiylari keng ko‘lamdagi urushdan qochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqayotgani haqida gapira boshladi. Ammo Eron allaqachon bir qancha diplomatik kanallar orqali yirik eskalatsiyadan qo‘rqmasligi va Isroilga berilajak zarba mamlakatni yirik urush domiga tortishidan zarracha ham tashvishlanmasligini ma’lum qilgani haqidagi xabarlar ham yo‘q emas. Quyida esa mazkur mojaro boshlangandan to bugungacha bo‘lgan vaqt davomida juda jiddiy urush sifatida ko‘rilayotgan jarayonning ostonasida sodir bo‘lgan keskinliklar haqida so‘z yuritiladi.
Ikki qutbli davrning isi
Ikki o‘rtada jiddiy mojaro boshlangan kezda Oq uy va Kreml darhol birin-ketin Yaqin Sharq eshiklari oldida hozir bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar yana o‘zining quloqsiz erkatoyi bo‘lmish bosqinchi Isroilning boshini silashga bel bog‘ladi. AQSH Qurolli kuchlari Markaziy Qo‘mondonligi generali Maykl Kurilla 3 avgust kuni Eronning Isroilga ehtimoliy hujum xavfi paydo bo‘lgan bir paytda zudlik bilan mintaqaga yetib keldi. Kurilla Fors ko‘rfazining bir qancha mamlakatlari, Iordaniya va Isroilga borishi va Erondan ehtimoliy zarbani birgalikda qaytarish uchun xalqaro va mintaqaviy ittifoqchilarni safarbar qilishga harakat qilishi kutilgandi. Bir qancha manbalar Iordaniya Kurilla safarining eng muhim nuqtasi bo‘lishi, chunki bu davlat joriy yilning 13 aprel kunidagi Isroil tomon uchgan Eron dronlarining kattagina partiyasini ushlab qolishda asosiy rol o‘ynaganini yodga oldi. Bundan tashqari, tashrifdan bir muddat oldin Pentagon Isroilni mudofaa qilish uchun Yaqin Sharq mintaqasiga qo‘shimcha kuchlar, jumladan ballistik raketalarga qarshi mudofaani ta’minlay oladigan kreyser va esminetslar yuborayotganini ma’lum qilgandi. Yetkazilgan qurollar ichida esa yarim tonnali MK83 bombalari ham mavjud bo‘lib, bu turdagi qurol Netanyaxuning shaxsiy iltimosiga ko‘ra bir muddat ilgari undan noroziligi aytilgan qariya Bayden tomonidan tuhfa qilingan.
Shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Eronning jiddiy ritorik qadamlari ortidan uzoq yillardan buyon kirib bormagan teshigi deyarli qolmagan Yaqin Sharq mintaqasidagi harbiy mavjudligini ham keskin oshirdi. Amerika Qo‘shma Shtatlari harbiy kontingenti Saudiya Arabistoni, Iroq, Quvayt, Qatar, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklarida ancha faollashdi. Oq uy rasmiylari faqatgina amaliy harakatlar bilan cheklanib qolmadi. Eron va Isroil o‘rtasidagi to‘qnashuv isi yaqindan taralayotgan bir paytda amerikalik mulozimlardan agressiv ohangdagi takliflar ham yangradi. Xususan, AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson mamlakat Prezidenti Jo Baydenga Eronga qarshi urush ochishni taklif qildi. Spikerning mazkur noprofessional harakati hozircha dunyo hamjamiyati yoki biron bir siyosiy markazlar tomonidan jiddiy signal sifatida qabul qilinganicha yo‘q. Ammo Kongressning Vakillar palatasi spikeri kabi mansabni kichik va ta’siri kam lavozim deb bo‘lmaydi.
Isroil Vashingtonning pinjiga kirib olgan bir paytda Moskva Eronni yo‘qlab qo‘yishni unutmadi. Buni ko‘pchilik Eron Rossiyaning Ukrainaga bosqini davrida uni kamikadze uchoqlari bilan uzluksiz ta’minlab turgani va endi ta’minot navbati Rossiyaga kelgani bilan bog‘lamoqda. Mazkur qarashlar avgust oyining ilk kunlarida og‘ir yuklar ortilgan ikki samolyot Rossiyadan Tehronga qo‘ngani haqidagi xabarlardan so‘ng tarqaldi. Samolyotlar ichida harbiy maqsadlar uchun mo‘ljallangan katta hajmdagi yuk mavjud degan taxminlar bolaladi. Ustiga-ustak bir qancha xorijiy ommaviy axborot vositalari, Rossiya allaqachon Eronga “Iskandar” ballistik raketalarini yetkazib berganini da’vo qilmoqda. Ushbu voqea va mish-mishlardan biroz o‘tib Rossiyaning sobiq mudofaa vaziri va ayni damdagi Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu Tehronda ko‘rinish berdi. U Eronning yangi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon va mamlakat qurolli kuchlari rahbari Muhammad Bag‘eriy bilan havo hujumidan mudofaa tizimi ta’minoti yuzasidan bir qancha masalalarni muhokama qilgan. Ko‘p ehtimol bilan muzokara Tehron uchun ijobiy yakunlangan. Negaki, Shoygu va Bag‘eriy o‘rtasidagi ushbu uchrashuvdan biroz o‘tib, Eron Islom Respublikasining harbiy sohadagi ikki mulozimi NYT axborot agentligiga Rossiya allaqachon radarlar va boshqa havo mudofaa tizimlarini yetkazib berishni boshlaganini tasdiqlagan. Eron davlat matbuotiga ko‘ra, Sergey Shoygu Rossiya Eron bilan mintaqadagi har qanday masalalarda har tomonlama hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qilgan. O‘z navbatida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ham urush xavfi kundan kunga ortib borayotgan bir pallada sukut saqlashni afzal ko‘rmadi. U Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiydan Isroil HAMAS yetakchisini kelib-kelib aynan Tehronda o‘ldirganiga vazminlik bilan javob berishni va javob zarbasida Isroil fuqarolariga zarar bermaslikni so‘radi. Bu esa Putin muammoning tinch yoki diplomatik yo‘l bilan emas, balki urush orqali hal qilishga qarshi emasligini ma’lum qilgandek taassurot uyg‘otdi. Rossiya yetakchisi o‘z uslubida.
Arablarning chetga chiqishi va Pokistonning ehtimoliy aralashuvi
Urush ehtimoli oshishi bilan mintaqadagi arab davlatlari zudlik bilan qaysi qayiqqa chiqishini e’lon qilishdi. 1967 yilgi 6 kunlik arab davlatlari va Isroil o‘rtasida kechgan urushning oqibatlarini hali ham unutmagan Iordaniya va Misr bu borada ehtiyotkorlikni saqlash niyatida. Xususan, Iordaniya Tashqi ishlar vaziri mojaro avvalida Eronga eng birinchilardan bo‘lib tashrif buyurdi va Eron TIV rahbari bilan uchrashib, undan Isroilga hujum qilmaslikni so‘radi. Biroq keyinchalik ma’lum bo‘ldiki, rasmiy Tehron AQSH va uning Yaqin Sharqdagi arab mamlakatlari ichidagi birorta vositachilarining bunday taklifiga ijobiy javob qaytarmagan. O‘z navbatida bir necha kun oldin Iordaniya rasmiylari mojaro yuzaga kelgudek bo‘lsa, tomonlarning hech biriga mamlakat havo hududidan foydalanishga imkon bermasligini ma’lum qildi. Ko‘p o‘tmay mintaqa gigantlaridan biri Saudiya Arabistoni ham xuddi shunday ogohlantirish xususiyatiga ega bayonotni e’lon qildi.
Ammo shunday bo‘lishiga qaramay, biroz vaqtdan so‘ng Eron Isroilga qarshi urushda yolg‘iz qolmasligi ma’lum bo‘ldi. Kecha, 7 avgust kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida Eron va Pokiston talabi bilan tashkillashtirilgan Islom hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlarining favqulodda yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ushbu uchrashuvda “Isroil ishg‘olining jinoyatlari” va “Xoniyaning o‘ldirilishi” muhokama qilindi. Xoniyaning Tehronda o‘ldirilishi nafaqat Eronni, balki Pokiston siyosiy elitasini ham jiddiy harakatlarga undamoqda. Negaki, ushbu o‘tkazilgan yig‘ilishdan so‘ng bir qancha arab nashrlari agar Eron va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat kuchaysa, Pokiston Eronga “Shaheen-III” nomli o‘rta masofali ballistik raketalarni yetkazib berishni rejalashtirayotgani haqida so‘z ochdi.
Eron yolg‘iz emas
Ortda qolgan yaqin soatlarda Isroil AQSH rasmiylariga Xoniyaning o‘ldirilishiga bevosita aloqador ekanliklarini bildirgani haqida xabarlar tarqadi. Aslida bu tan olish o‘z ahamiyatini yo‘qotib ulgurgandi. Negaki, so‘nggi kunlarda Tehronda Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishi va Bayrutda “Hizbulloh” harbiy qo‘mondoni Fuad Shukrning yo‘q qilinishi ortidan HAMAS va “Hizbulloh” qarshilik harakatlari ushbu voqealar uchun Isroilni ayblab, ularni javobsiz qoldirmasliklarini bildirishgandi. Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiy esa mamlakat harbiylariga Isroilni to‘g‘ridan to‘g‘ri nishonga olish haqida buyruq berdi. “Hizbulloh” yetakchisi Isroilga qaqshatqich zarba orqali javob berish bilan tahdid qildi.
“Isroilga qarshi zarbalar Eron, Yaman va Livandan tayyorlanmoqda. Ular hech shubhasiz amalga oshiriladi. Bizning birgalikdagi javobimiz kuchli, ta’sirli va samarali bo‘ladi”, deydi “Hizbulloh” yetakchisi Nasrulloh.
Eron esa hujum va himoya qurollarini birdek to‘plashda davom etmoqda. Masalan, Eron havo hujumidan mudofaa kuchlari qo‘mondoni general Alireza Sabohifard mamlakat sharqida qurol-yarog‘ va texnikaning yangi partiyasini qabul qilib oldi. Unga ko‘ra, general havo hujumidan mudofaa kuchlari uchun zenit-raketalar, radiolokatsion stansiyalar va dronlarni shaxsan o‘zi ko‘zdan kechirgan.
O‘z o‘rnida Isroilning ham urush uchun bir qator tayyorgarliklari bor. Mojaroda u uchun deyarli barchasini AQSH amalga oshirishiga qaramay, Netanyaxuning o‘zi ham ma’lum harakat rejalarini ishlab chiqqani aytilmoqda. Xususan, u va uning harbiy ma’muriyati agar Isroil sabrsizlik bilan kutilayotgan Eron hujumi haqida 100% aniqlikdagi ma’lumotni qo‘lga kiritsa, rasmiy Tel-Aviv zarbani birinchi bo‘lib yo‘llashga kelishib olishgan. Bundan tashqari, Isroil elitasi bunkerlar qurish ishlarini ham deyarli yakunlagani ma’lum qilindi. Isroil Eron tomonidan uyushtiriladigan yirik hujumni kutib, Quddus tepaliklari ostida qo‘mondonlik bunkerini ishga tushirdi.
Xullas, yig‘im-terim avjida, ammo qachon zarba berilishi hali ham so‘roq ostida. Dastlab taxmin qilingan shu haftaning dushanbasi, 5 avgust sanasida hech narsa ro‘y bermadi. Keyinchalik kutilayotgan bugungi 8 yoki ertangi 9 avgust uchun ham hali biron bir jiddiy signal yo‘q. Bir tomonda 1948 yildan buyon Yaqin Sharqdagi siyosiy muhitni bulg‘ab kelayotgan Isroil, boshqa tomonda esa Eronni ancha yillardan buyon boshqarayotgan Oyatulloh va uning jamoasi. Barchani esa bir savol qiziqtirmoqda. Eronning Isroildan olishga va’da bergan qasosi yana havoda muallaq qolib ketadimi?
LiveBarchasi