XJS Bosh prokurori vaqtincha lavozimidan ketdi

Olam

image

Xalqaro jinoyat sudi (XJS) Bosh prokurori Karim Xon unga qarshi ilgari surilgan jinsiy tazyiq ayblovlari bo‘yicha olib borilayotgan surishtiruv sababli vaqtincha lavozimidan ketdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, surishtiruv yakunlariga qadar Karim Xon ta’tilga chiqadi. U o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni qat’iyan rad etmoqda. Bu holat XJS amaliyotida misli ko‘rilmagan voqea bo‘lib, Karim Xonning o‘rnini qanday to‘ldirish bo‘yicha aniq tartib mavjud emas. Bu esa sudga nisbatan AQSH sanksiyalari ortidan yuzaga kelgan mavjud inqiroz fonida XJSda qo‘shimcha noaniqliklarni yuzaga keltirmoqda. AQSH sanksiyalari XJS tomonidan Isroil amaldorlari uchun hibsga olish orderlari berilganidan so‘ng joriy etilgan edi.

Xon o‘z xodimlariga yuborgan xatida bunday qarorni sudning nufuzini saqlab qolish va tergov jarayonining adolatli o‘tishini ta’minlash maqsadida qabul qilganini bildirgan.

“Mening bu qarorim sud va prokuratura idoramiz obro‘siga chuqur hamda sobit e’tiqod bilan sodiq qolganim, shuningdek, barcha tomonlarga nisbatan halollik va adolat tamoyillarini ta’minlash istagim bilan bog‘liq”, deyiladi maktubda.

Bungacha inson huquqlari tashkilotlari va ayrim sud xodimlari Karim Xanni surishtiruv yakunigacha lavozimidan chekinishga chaqirgan. Biroq u bu chaqiriqlarga javob bermagan.

Ma’lumot uchun, Karim Xonga qarshi ayblovlar o‘tgan yili ilgari surilgan bo‘lib, ularga ko‘ra 54 yoshli Bosh prokuror uzoq vaqt davomida ayolga nisbatan jinsiy tegajog‘lik va boshqa holatlarga yo‘l qo‘ygan. Hozircha surishtiruv qachon yakunlanishi noma’lum. Karim Xon bo‘shatgan o‘rinni XJSning ikki nafar prokuror o‘rinbosari navbatma-navbat egallab turadi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro jinoyat sudi hozirda Isroil va HAMAS o‘rtasidagi mojaroga hamda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlariga oid urush jinoyatlari bo‘yicha tergov olib bormoqda. Aynan Karim Xon tashabbusi bilan XJS Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga nisbatan hibsga olish orderlari chiqargan.

Lekin, na Rossiya, na Isroil Xalqaro jinoyat sudining a’zosi emas. Ikkala davlat ham sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi va ayblovlarni rad etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Xalqaro jinoyat sudi Karim Xon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing