Xo‘jaylidagi qotilliklar haqida gapirishmayapti – Ozarbayjon Baydenni ikkiyuzlamachilikda aybladi
Olam
−
25 aprel 2021
9209Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi bugun, 25 aprel kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden bayonotida 1915 yilda Usmonli imperiyasida sodir bo‘lgan dahshatli voqealarga “arman genotsidi” deya baho berganiga munosabat bildirdi.
Ozarbayjon diplomatlari Amerika yetakchisi tarixiy faktlarni buzib talqin qilgani uchun afsuslanarli ekanini ma’lum qildi.
“Arman genotsidi” deb siyosiylashtiruvchi kuchlar o‘sha davrda 500 mingdan ortiq odam arman qurolli tuzilmalari tomonidan ommaviy ravishda o‘ldirilgani hamda 1918 yil mart oyida Baku va Ozarbayjonning boshqa hududlarida arman dashnoqlari tomonidan sodir etilgan qotilliklar haqida jim turishibdi”, deyiladi Ozarbayjon TIV bayonotida.
Shuningdek, Ozarbayjon tomoni Vashington 100 yil avvalgi voqealarga yolg‘on baho berayotganiga, bir vaqtning o‘zida 30 yil avval Xo‘jaylida arman millatchilari ozariylarga nisbatan uyushtirgan genotsidni adolatli baholay olmasligiga to‘xtalib, bu ikki xil yondashuvga misol bo‘lishini ta’kidlagan.
“1915 yil voqealari siyosatchilar emas, tarixchilar tomonidan o‘rganilishi kerak. Biroq sodir bo‘lganlarni yashirishga va o‘zini zulmga uchragan davlat qilib ko‘rsatishga urinayotgan Armaniston Turkiyaning o‘sha davrda bo‘lgan voqealarni tarixiy komissiya tuzib, birgalikda o‘rganish taklifini qabul qilmadi”, deya eslatib o‘tilgan TIV munosabatida.
Vazirlik tarixni soxtalashtirish va qayta yozishga bo‘ladigan har qanday urinish qabul qilinmasligini va bu masaladan siyosiy dastak sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini qo‘shimcha qilgan.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden XX asr boshida Usmonli imperiyasida yuz bergan xunrezlikni arman genotsidi deb tan olgani xabar qilingandi.
Keyinroq Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘li rasmiy Anqara bu bayonotni rad etishini ma’lum qildi. Amerikaning Turkiyadagi elchisi TIVga chaqirtirilib, unga norozilik bildirildi.
LiveBarchasi