“Xudo ularni allaqachon jazolagan”. “Zamhokim” nogironlarni haqoratladi (video)

Olam

image

Qozog‘istonning Olmaota viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Qanat Yesbolatov nogironlarga nisbatan “Xudo ularni allaqachon jazolagan”, jumlasini ishlatdi va jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Nur.kz” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, kecha, 28 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda mamlakat Sog‘liqni saqlash vaziri Aqmaral Alnazarovaning Talgar tumani aholisi bilan uchrashuvidan olingan video tarqalgan. Uchrashuv davomida Olmaota viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari nogironlar haqida gapirgan.

“Kelinglar, nogironlarni hurmat qilaylik, Xudo ularni allaqachon jazolagan”, degan u.

Hokim o‘rinbosarining so‘zlarini ayrim foydalanuvchilar haqoratli deb baholagan.

“Bu nimani anglatadi? Alloh jazolagan degani? Bunday gaplar uchun javobgarlikka tortilsin! Men Qozog‘iston fuqarosi sifatida Olmaota viloyati hokimi o‘rinbosarining nogironligi bo‘lgan shaxslarga nisbatan aytgan noo‘rin so‘zlariga munosabat bildiraman. Bu fuqarolarning qadr-qimmatini tahqirlashdir va davlat xizmatchisi etikasi hamda Konstitutsiya normalariga zid. Tekshiruv o‘tkazilishi, iste’fo masalasi ko‘rib chiqilishi va hammani ranjitgan bu so‘zlar uchun omma oldida uzr so‘ralishi kerak deb hisoblayman. Har bir insonni hurmat qilish – adolatli davlatning asosidir. Bunday gaplar javobsiz qolmasligi kerak”, deb yozmoqda tarmoq foydalanuvchilari.

Shuningdek, mansabdorni himoya qilganlar ham bo‘lgan.

“U boshqacha ma’noda aytmoqchi bo‘lgandir. Ko‘rinishidan, tarjima yoki iborani shakllantirish jarayonida fikrni oxirigacha to‘g‘ri yetkazmagan, shuning uchun noto‘g‘ri tushunilgan. Aslida u ularning dardini tushunishini, hech kimga bunday og‘ir vaziyatni ravo ko‘rmasligini aytmoqchi bo‘lgan. Kontekstga qaraganda, u qo‘llab-quvvatlashni istagan, faqat fikr noto‘g‘ri jaranglagan. Shuning uchun bo‘lmagan joydan salbiylik izlamaylik. Muhimi – niyat va mazmunni ko‘ra bilish”, deb yozgan foydalanuvchilardan biri.

Qanat Yesbolatovning o‘zi ham so‘zlariga izoh bergan. Uning aytishicha, Talgardagi uchrashuvga juda ko‘p odam to‘plangan. Har biri dolzarb mavzularni ko‘targan va savol berishga shoshilgan. Navbat katta bo‘lgan.

Uchrashuv uchun reglament bo‘yicha ikki soat ajratilgan bo‘lsa-da, savollar ko‘pligi sababli u taxminan to‘rt soat davom etgan. Odamlar orasida nogironligi bo‘lgan shaxslar ham bo‘lgan. Ba’zilari navbatini kutib tik turgan. Navbat yetganida esa zalda o‘tirgan bir nechta odam ularning gapini bo‘lib, savollariga xalaqit bergan.

“Men reglamentga rioya qilishni so‘radim. Ammo men ruscha gapirganda xatolar bo‘ladi. Fikrni noto‘g‘ri yetkazib qo‘yaman. Men aslida: “Xudo katta sinov bergan”, demoqchi edim”, deydi Olmaota viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari.

U bu hol uchun chin dildan uzr so‘ragan. Mansabdorning aytishicha, yirik tadbirlarda avvalo keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga navbat berish muhim. Ular uzoq kutmasligi kerak.

Qanat Yesbolatov joriy yilning noyabr oyi boshida Olmaota viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Zamhokim

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing