Xovos tumani sobiq hokimi qamaldi
3-sahifa
−
04 iyun 10301 3 daqiqa
Sirdaryo viloyatidagi Xovos tumanining sobiq hokimi Uchqun Kamolov 2023 yil 7 avgustda lavozimidan olinganidan ko‘p o‘tmay, 2023 yil 18 sentyabr kuni qamoqqa olingani va jinoiy javobgarlikka tortilgani ma’lum bo‘ldi. QALAMPIR.UZ sud hujjatlari bilan tanishdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 14 apreldan 2023 yil 7 avgustga qadar Xovos tumani hokimi va bir vaqtning o‘zida Xovos tuman hokimligi qoshidagi Yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya raisi lavozimida ishlab kelgan Uchqun Kamolov davlat va jamiyat manfaatlariga katta miqdorda zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan. U Xovos tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari B.B. hamda Xovos tumani Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi sobiq boshlig‘i M.K. bilan til biriktirib, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni qonunchilikka zid ravishda tadbirkorlik sub’ektlari egaligiga berib yuborgan.
Sud hukmida keltirilishicha, Uchqun Kamolov yerlarni noqonuniy berish bo‘yicha 4 ta holatda 144 gektar sug‘oriladigan ekin maydonini baliqchilik, qum-shag‘al qazib olish, bog‘dorchilik yo‘nalishlari bo‘yicha foydalanishga berib yuborgan. Buning oqibatida davlat manfaatlariga 8 mlrd 856 mln so‘m zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lgan.
Shuningdek, Uchqun Kamolov o‘z xizmat vazifalarini qasddan bajarmagani ortidan 3 ta holatda ayrim tadbirkorlik sub’ektlariga ajratilgan ekin maydonlarining unumdor qatlami kavlab olinishi oqibatida davlat manfaatlariga 6 mlrd 352 mln so‘m zarar yetkazilishiga ham sababchi bo‘lgani aytilgan.
Xovos tuman hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha sobiq o‘rinbosari B.B. hamda Xovos tumani Yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi sobiq boshlig‘i M.K. jinoyat ishlari bo‘yicha Oqoltin tuman sudining 2022 yil 15 noyabrdagi hukmi bilan sudlangan.
Uchqun Kamolov esa jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tuman sudining 2024 yil 25 martdagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 2-qismi “g” bandi, 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) 2-qismi “a” bandi hamda 208-moddasida (Hokimiyat harakatsizligi) keltirilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 181 mln 500 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. Sobiq hokim qamoqda saqlangan 6 oy 7 kun jazodan chegirilib, jarima 150 mln 645 ming so‘mga tushirilgan.
Joriy yil 9 yanvarda esa Sirdaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudining hukmini bekor qilgan. Yangi hukm bilan Uchqun Kamolovga 3 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 99 mln so‘m jarima hamda 3 yil 5 oy 23 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
2025 yil 30 mayda chiqarilgan Sirdaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasining ajrimi bilan esa kassatsiya instansiyasining hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr