Xotiniga axlat yedirgan erkakka sud hukmi o‘qildi
Jamiyat
−
14 dekabr 2020
14159Avvalroq, poytaxt Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani, “Oqqo‘rg‘on” mahallasida er xotinini masxara qilib, unga tan jarohati yetkazgan va farzandining axlatini yeyishga majburlagan erkak qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik. Bugun, 14 dekabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tuman sudida unga nisbatan ochilgan jinoyat ishi yuzasidan sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sud zo‘ravon erni 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Bu haqda Oliy sud Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Rustam Omadilovich Ismatullayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 110-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan (muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash) jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga shu moddaga asosan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazo muddati joriy yilning 9 oktyabridan boshlab hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sud Plenumining 2004 yil 24 sentyabrdagi “Qasddan odam o‘ldirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 35-sonli qarorining 8-bandida “ojiz ahvol deb jabrlanuvchining fiziologik, jismoniy yoki ruhiy jihatdan o‘zini himoya qilishga, aybdorga faol qarshilik ko‘rsatishga qodir emaslik yoki o‘ziga nisbatan sodir etilayotgan harakatlarning xususiyati va mohiyatini tushuna olmaslik yoxud o‘z harakatlarini boshqara olmaslik holati tushunilishi kerak. Bunda aybdor jabrlanuvchi ojiz ahvolda ekanini anglagan bo‘lishi shart”, deya rahbariy tushuntirish berilgan.
Sud sudlanuvchi Rustam Ismatullayevga jazo tayinlashda uning aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar va uning qilmishida jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar yo‘q deb baholab, jinoyatning xususiyati va unga nisbatan qo‘llaniladigan jazo chorasi aybning va shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi kerakligini inobatga olib, modda sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni lozim deb hisoblagan.
Eslatib o‘tamiz, Samarqand viloyatiga ham xuddi shunga o‘xshash holat qayd etilgan edi. Turmush o‘rtog‘i Mustahkam Vahobovani 8 yillik turmushi davomida muttasil kaltaklab, tahqirlab kelgan er Sh.Karimovni sud 6 yilga ozodlikdan mahrum etgan edi.
LiveBarchasi