Xorvatiyaga ishga yuborishni va’da qilganlar ushlandi

3-sahifa

image

Toshkentda odamlarni Xorvatiyaga ishga yuborishni va’da qilib, ulardan pul olgan shaxslar qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Buxoro shahrida yashovchi 1997 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik jinoyatini sodir qilgan shaxs Toshkent shahri, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlarida istiqomat qiluvchi 3 nafar fuqaroga o‘zini go‘yoki sayyohlik firmasi vakili sifatida tanishtirib, ularning ishonchiga kirgan. So‘ngra Xorvatiya davlatida tanishlari borligini aytib, ularni ishchi viza asosida ushbu mamlakatga ishga yuborish evaziga 6000 AQSH dollari talab qilgan.

DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘idan 3000 AQSH dollarini oldindan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. 

Bu kabi holat Namangan viloyatida ham qayd etilgan. Xususan, Namangan shahrida yashovchi, 1999 yilda tug‘ilgan shaxs aldov yo‘li bilan 3 nafar hamshaharining ishonchiga kirgan. Mazkur shaxs hozirda Xorvatiya davlatida ishlovchi akasining ko‘magida ularni ushbu mamlakatga ishlash uchun yuborish evaziga har biridan 2600 AQSH dollari, jami 7800 AQSH dollari talab qilgan.

Ammo u Yangi Namangan tumanida ushbu pul mablag‘idan 3900 AQSH dollarini olgan vaqtida DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Bildirilishicha, hozirda ikkala qonunbuzarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahri Yunusobod tumanida 9 kishini Germaniyaga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlangandi. Mazkur shaxslar ulardan jami 12 500 dollar va 73,2 mln so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Xorvatiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing