Xorijliklarning O‘zbekistonda bo‘lishiga doir vaqtinchalik tartib bekor qilindi
Jamiyat
−
03 Sentabr 2021
7738Joriy yilning 10 sentyabriga qadar O‘zbekistonning karantin joriy qilingan hududda yashash uchun ro‘yxat muddati tugagan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mamlakatdan chiqib ketishlari yoki ro‘yxat muddatini uzaytirishi kerak. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 30 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga chet davlat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lishi tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq, agar mamlakatda bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning karantin joriy qilingan hududda vaqtincha bo‘lish muddati tugagan bo‘lsa, ularga va ularni qabul qilgan uy-joy egalari, shuningdek mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘riladi.
Shu sababdan Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xorijiy davlat fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslardan o‘z vaqtida ro‘yxat muddatini uzaytirishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar joriy yil 10 sentyabrdan respublikada bo‘lish tartibini buzganligi uchun O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborilishi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi