Xorijiy OAV muxbirlarining faoliyatini tartibga soluvchi qoidalarga qo‘shimcha kiritiladi
Jamiyat
−
15 aprel 2019
4678“O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Mazkur qarorga binoan, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 24 fevraldagi 33-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2006 y., 9-son, 65-modda; 2016y., 25-son, 308-modda;) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi Asosiy qoidalarning 6-bandiga quyidagi mazmundagi yangi xatboshi qo‘shilishi ko‘zda tutilmoqda.
“Chet elda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizga tegishli xorijiy ommaviy axborot vositalarining doimiy muxbirini akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi qaror O‘zbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasining tavsiyanomalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga murojaat kelib tushganidan so‘ng besh ish kunigacha bo‘lgan muddatda qabul qilinadi. Ushbu Asosiy qoidalarning 5-bandida talab etilgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda akkreditatsiya olish uchun ta’sischi (ta’sischilar) va moliyalashtirish manbalari to‘g‘risida ma’lumot ham taqdim etilishi zarur”.
Qaror qabul qilingach, vazirliklar va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirishlari kerak.
Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov zimmasiga yuklanadi.
LiveBarchasi