Xorazmda YPX xodimidan qochib, yo‘lovchilarni sarson qilgan taksichi ushlandi
Jamiyat
−
14 may
5891Xorazm viloyati Urganch shahrida YPX xodimining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, yo‘lovchilari bilan birga qochgan taksichi qo‘lga olindi. Bu haqda bugun, 14 may viloyat IIB axborot xizmati xabar beradi.
Qayd etilishicha, kirakashlik bilan shug‘ullanuvchi Gentra rusumli avtomashina haydovchisi joriy yilning 2 may kuni Urganch shahrining Gurlan ko‘chasida yo‘l harakati qoidalarini chetlab o‘tib, svetoforning qizil chirog‘ida yo‘lning qarama-qarshi qismidan harakatlangan.
YPX inspektori tomonidan unga to‘xtash ishorasi berilgan. Ammo haydovchi qonuniy talabni bajarmay, katta tezlikda harakatlanib, noma’lum tomonga ketib qolgan.
Avtomashinadagi yo‘lovchilar haydovchidan yo‘lda tushirib qoldirishini iltimos qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda old o‘rindiqda o‘tirgan qiz haydovchidan mashinani to‘xtatishini so‘ragani, talabi qabul qilinmagach, oynani sindirishga uringani tasvirlangan. Keyinchalik haydovchi yo‘lovchilarni Yangibozor tumanidagi noma’lum joyga tashlab ketgan.
Shundan keyin ular haydovchiga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Xorazm viloyati IIB tomonidan haydovchining shaxsiga aniqlik kiritilib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning bir necha moddalari bilan ish ochilgan, avtomashinasi esa jarima maydoniga qo‘yilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahri sudi haydovchini Bazaviy hisoblash miqdorining 12 baravari (4 million 80 ming so‘m) miqdorida jarimaga tortgan.
LiveBarchasi