Xorazmda ona 2 yashar qizini kaltakladi
3-sahifa
−
27 iyul
6536Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyatining Shovot tumanida ayol eriga jahl qilib o‘z farzandini kaltaklagani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, holat kecha, 26 iyul kuni sodir bo‘lgan. 2001 yilda tug‘ilgan B.K. ismli ayol shar’iy turmush o‘rtog‘i S.J. bilan tortishgan va unga jahl qilib, 2022 yilda tug‘ilgan qizini uxlab yotgan joyida haqoratlagan. Shundan so‘ng, ayol bolani urgan va tasvirga olib, videoni otasi S.J.ga jo‘natgan.
Hozirda holat yuzasidan Shovot tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Oxirgi paytlarda turmush o‘rtog‘iga jahl qilib, voyaga yetmagan farzandini kaltaklash holatlari ko‘p uchramoqda.
Jumladan, Buxoro viloyatining Jondor tumanida ayol turmush o‘rtog‘i xorijdan pul yubormagani uchun voyaga yetmagan chamasi 3-4 yoshlar atrofidagi ikki nafar egizak qizini urib, kaltaklab, videotasvirga olgan va uni turmush o‘rtog‘iga jo‘natgandi. Hattoki, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida ayol 7 yashar jiyanini urib o‘ldirgandi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 16 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashining navbatdagi yig‘ilishida oilaviy (maishiy) zo‘ravonliklardan himoyalash choralari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi. Amaldagi normada er-xotin yoki oilada birga yashovchi boshqa shaxslarga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lsa-da, bu harakatlarni bolaga nisbatan sodir etganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagandi. Shu tufayli, qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksining oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik to‘g‘risidagi 126-1-moddasi bolaga nisbatan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik qilganlik uchun javobgarlik bilan to‘ldirilmoqda. Bu degani ota-onalar tomonidan yuqoridagidek holatlar sodir qilinganda, ular jinoiy javobgarlikka tortiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda erkak to‘rt yashar nabirasini kaltaklagani xabar qilingandi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr