Xorazmda maktab o‘quvchilari sholi dalasida ishlatildi. Boshqarma gapni qisqa qildi
Jamiyat
−
02 Oktabr 2023
17193Ijtimoiy tarmoqlarda Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumanidagi 19-sonli maktab o‘quvchilari ushbu maktab direktorining sholi dalasida majburan ishlatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, Qo‘shko‘pir tumanidagi 19-sonli maktabning 9-sinf o‘quvchilari A.Q., B.Sh., A.O. va B.O.lar tumandagi Durdona mahallasida joylashgan “I.B.” fermer xo‘jaligiga tegishli sholi dalasida ishlagan.
Aniqlik kiritilishicha, daladagi ishlarga jalb etilgan ushbu 4 nafar maktab o‘quvchisi xo‘jalik rahbari K.X. ning taklifiga asosan ma’lum bir haq evaziga kelishuv asosida o‘rilgan sholini to‘plagan.
“O‘rganish jarayonida, maktab direktori tomonidan voyaga yetmagan o‘quvchilarni majburiy mehnatga jalb qilinganligi holati o‘z tasdig‘ini topmadi”, deyiladi boshqarma munosabatida.
Shuningdek, hozirda o‘quvchilarning yoshini inobatga olmasdan dalada mehnat qilishiga yo‘l qo‘yib bergan xo‘jalik rahbarining harakatlariga huquqiy baho berilmoqda.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ko‘rinish bergan bolalarning soni 4 nafardan ko‘p ekanini ko‘rish mumkin. Boshqarma qolgan bolalarning shaxsiga oydinlik kiritmayotgani ham tushunmovchiliklarga sabab bo‘lishi turgan gap.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryoda maktab o‘quvchilari paxta terishga jalb etilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq mazkur holat viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat nazorati inspeksiyasi tomonidan o‘rganilganida o‘z tasdig‘ini topmagandi.