Xorazmda imtihonsiz “prava” olib bermoqchi bo‘lganlar ushlandi

Jamiyat

image

Xorazm viloyatida fuqarolarga haydovchilik guvohnomasini imtihonsiz olib berishni va’da qilgan firibgarlar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Xorazm viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. 

"Unda X.J. ismli fuqaro 3 kishining ishonchiga kirib, ularga tanishlari yordamida  haydovchilik guvohnomasini imtihonsiz olib berishini va’da qilib, evaziga 1,3 ming dollar va 1,2 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi", deyiladi xabarda.

Shuningdek, departamentning Buxoro viloyati Kogon tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda D.B. ismli fuqaro M.X. ga tanishlari yordamida avtomaktabni tamomlagani haqida hujjat tayyorlab berib, haydovchilik guvohnomasini olish uchun bo‘lib o‘tadigan imtihondan o‘tkazib qo‘yishi evaziga 1 000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Xabarda aytilishicha, mazkur holatlar yuzasidan jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.             

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida tanishining o‘g‘lini 1500 AQSH dollari evaziga Buxoro davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Xorazm Buxoro firibgarlar prava

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing